Farg‘onadagi “zapravka”da dahshatli yong‘in sodir bo‘ldi
Tahlil
−
17 dekabr
6029Bugun, 17 dekabr kuni Farg‘ona viloyatining Farg‘ona shahrida joylashgan avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchasida dahshatli yong‘in sodir bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda juda katta portlash sodir bo‘lib, qora tutun osmon bo‘ylab tarqalayotgani, “Zapravka” yaqinidagi mashina butunlay yonib ketgani, usti-boshi qop-qora kuya bo‘lgan odamning qo‘li uzilgan holda yerda uzala tushib o‘tirgani tasvirlangan.
Birozdan keyin viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimi vaziyat nazorat ostida ekanini, yong‘inni o‘chirish ishlari olib borilayotganini ma’lum qildi.
Boshqarmaning taqdim etgan qo‘shimcha ma’lumotlariga ko‘ra, tush payti soat 13:43 larda Farg‘ona shahar “Yangi yo‘l” MFY, A.Yassaviy ko‘chasida joylashgan, ko‘p yoqilg‘ili AYOQSH va AGQSH shoxobchasida suyultirilgan gaz to‘kish vaqtida texnologik jarayonlarni buzilishi hamda texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilmasligi oqibatida chaqnash sodir bo‘lgan undan so‘ng siz videolarda guvohi bo‘lgan yong‘in yuzaga kelgan. Yong‘in-qutqaruvchilar 13:47 da yetib borib, gulxan 14:02 da o‘rab olingan va 10 daqiqada yong‘in batamom o‘chirilgan.
Soat 18:00 holatiga yong‘in oqibatida 1 nafar fuqaro vafot etgani, 4 nafar fuqaro tan jarohati olgani va 8 nafari tibbiyot xodimlari nazoratida ekani aytildi. Sog‘liqni saqlash vazirligi esa hozirgacha rasmiy axborot bergani yo‘q.
QALAMPIR.UZ jabrlanganlar va halok bo‘lganlarning taqdiri bilan qiziqib, Farg‘ona viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas’ul xodimi bilan bog‘landi. Viloyat SSB Matbuot kotibining aytishicha, boshqarmada yong‘indan jabrlanganlarning holati haqida ma’lumot mavjud emas.
Yong‘in yuzasidan qo‘shimcha axborotni QALAMPIR.UZ'ning rasmiy sahifalarida kuzatib boring va albatta yong‘in xavfsizligi qoidalariga amal qiling. O‘zingiz va asrang.
LiveBarchasi