Farg‘onada “Mansur Kazanskiy” laqabi bilan tanilgan tovlamachi qo‘lga olindi (video)
3-sahifa
−
10:45 3257 2 daqiqa
Farg‘ona viloyatida “Mansur Kazanskiy” laqabi bilan tanilgan shaxs 100 ming AQSH dollarini tovlamachilik yo‘li bilan olayotgan vaqtida qo‘lga olindi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, u Toshkent shahrida yashovchi fuqaroga tegishli noturar joyni 1 million 200 ming AQSH dollariga sotib olishga kelishgan. Kelishuvga ko‘ra, ob’ekt uchun to‘lov uni garovga qo‘yish orqali olinadigan bank krediti hisobidan amalga oshirilishi kerak bo‘lgan.
Kelishuv asosida noturar joy notarial tartibda gumonlanuvchi nomiga rasmiylashtirilgan. Shundan so‘ng u kredit bo‘yicha oylik to‘lovlar va foiz stavkalari miqdori bilan tanishib, kredit rasmiylashtirishdan bosh tortgan. Biroq ob’ektni egasiga qaytarib berish o‘rniga tovlamachilikka o‘tgan.
Ya’ni, noturar joyni jabrlanuvchining nomiga qayta rasmiylashtirib berish evaziga undan naqd 200 ming AQSH dollari berishni talab qila boshlagan. Ushbu noqonuniy harakatlarni amalga oshirishda 1968 yilda tug‘ilgan shaxsni ham jalb qilgan.
Bundan tashqari, u jabrlanuvchining tadbirkor sherigiga ham bosim o‘tkazgan. Unga nisbatan qoralovchi materiallar to‘planganini, bundan go‘yoki jinoiy javobgarlikka tortish uchun foydalanishini aytib, ularni qo‘rqitgan va ruhiy bosim o‘tkazgan. Shu tariqa 200 ming AQSH dollarini berishga majburlab kelgan.
Yuqoridagilarga asosan, Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi hamda Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Tadbir davomida gumonlanuvchi Farg‘ona shahar Burhoniddin Marg‘inoniy ko‘chasidagi notarial idorada noturar binoga notarial tartibda 100 ming AQSH dollari evaziga tovlamachilik yo‘li bilan jabrlanuvchiga o‘tkazib bergan vaqtida daliliy ashyolar bilan qo‘lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi (Tovlamachilik) tegishli bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoyatga aloqador shaxslar protsessual tartibda ushlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda “Dersu” laqabi bilan tanilgan bezori qo‘lga olingan edi.
Live
Barchasi