Farg‘onada kadastr bo‘limi mutaxassisi 5 ming dollar bilan qo‘lga tushdi
Jamiyat
−
20:44 660 2 daqiqa
Farg‘ona viloyatida tuman kadastr bo‘limi mutaxassisi fuqaroning 31 sotix noturar yer maydonini turarjoy sifatida rasmiylashtirib berish evaziga 5 ming dollar olgan vaqtida ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, departamentning O‘zbekiston tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda O‘zbekiston tumani kadastr bo‘limi mutaxassisi D.T. tuman qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘limida ishlovchi tanishi orqali fuqaro M.I. ning “Avg‘on” MFY hududidagi 31 sotix noturar yer maydonini 9 500 AQSH dollari evaziga turarjoy sifatida rasmiylashtirib berishini aytgan. D.T. kelishilgan puldan 5 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ushlangan.
Davom ettirilgan tezkor tadbirda tuman qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i O.N. D.T.dan 5 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan. Qayd etilishicha, O.N. muqaddam sudlangan.
Bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida 2 gektar davlat zaxirasidagi yerni auksion orqali arzon narxda olib berishni va’da qilgan Ekologiya bo‘limi bosh mutaxassisi va uning kadastrdagi tanishi 12 mln so‘m olayotgan vaqtida ushlandigani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi