Farg‘onada institut dekani 4 ming dollar pora bilan ushlandi (video)
Jamiyat
−
23 avgust 2023
10771Farg‘ona viloyatidagi banklardan birining mutaxassisi va Qo‘qon davlat pedagogika instituti dekani 4 ming dollar pora bilan ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, DXXning Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi departamentning hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbir davomida Qo‘qon shahridagi banklardan birining mutaxassisi o‘zganing ishonchiga kirib, mansabdor tanishlari yordamida, uning o‘g‘lini Qo‘qon davlat pedagogika institutiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 4 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.
Tezkor surishtiruv harakatlari davomida, u ushbu pul mablag‘ini mazkur muassasada dekan lavozimida ishlovchi shaxsga berishi kerakligi aniqlanib, jarayon davom ettirilgan va u ham pullarni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Shuningdek, Farg‘ona shahridagi xususiy universitet direktorining o‘rinbosari fuqaroning Qirg‘iziston Respublikasi O‘sh davlat pedagogika universitetidagi o‘qishini Chirchiq davlat pedagogika institutiga ko‘chirib berish evaziga 2,5 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga tushgan.
Boshqa holatda esa Xorazm viloyati Urganch tumanida yashovchi shaxs o‘zganing ishonchiga kirib, mansabdor tanishlari yordamida uni Urganch davlat universitetining Boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 3,5 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.
Hozirda yuqoridagi holatlar bo‘yicha mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahri va Andijon viloyatida ham OTMga kiritib qo‘yishni va’da qilib, fuqarolardan pul olish holatlarining oldi olingani haqida xabar berilgan edi.
LiveBarchasi