Farg‘onada enagaga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
3-sahifa
−
05 yanvar
13226Farg‘ona viloyatining Farg‘ona shahrida rasmiy ravishda ishonchnoma asosida 2 yoshli bolaga enagalik qilib kelayotgan ayolga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bolalar ombudsmani xabar berdi.
Qayd etilishicha, Farg‘ona shahrida yashovchi, 1988 yilda tug‘ilgan G‘.M. ismli ayol Rossiyaga ishlash uchun ketishi sababli voyaga yetmagan qizi, 2022 yilda tug‘ilgan G‘.I.ni rasmiy ravishda ishonchnoma asosida 36 yoshli M.X.ning qaramog‘iga topshirib, 2024 yilning avgust oyida jo‘nab ketgan.
Shuningdek, ona enaga M.X.ga xizmat haqqi va bolaning kunlik sarf-xarajatlari uchun pul jo‘natib turgan.
15 noyabr kuni voyaga yetmagan G‘.I. yashash xonadonidagi zinadan tushayotgan vaqtida yiqilib, og‘ir tan jarohati olganiga qaramay, enaga ayol bolaning sog‘ligini xavf ostiga qo‘yib, uni shifoxonaga olib bormagan. Oqibatda bolaga bosh miya lat yeyishi va boshqa hayot uchun xavfli bo‘lgan og‘ir shikastlar tashxisi qo‘yilgan.
2024 yilning 28 dekabr kuni fuqaro M.X.ga nisbatan Farg‘ona shahar IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 117-moddasi 1-qismi (Xavf ostida qoldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda enaga qaramog‘idagi 3 yashar qiz vafot etgani haqida xabar berilgandi. Tekshiruv jarayonida murojaatchining farzandi yerto‘laga tushish zinasidan yiqilib tushgani, lekin o‘rnidan turib yana o‘ynab ketgani sababli enaga uning onasiga bu haqda xabar bermagani aniqlangan. Shuningdek, enaga holat yuzasidan shifokorlarga ham murojaat qilmagan.
LiveBarchasi