Farg‘onada bir saylovchiga 4 tadan ortiq byulleten bergan o‘qituvchi jazolandi
3-sahifa
−
30 Oktabr
3680Farg‘ona viloyatida bir saylovchiga 4 tadan ortiq byulleten bergan maktab o‘qituvchisi jarimaga tortildi. QALAMPIR.UZ sud qarori bilan tanishdi.
Qarorda keltirilishicha, kecha, 29 oktyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Dang‘ara tuman sudida fuqaro M.A.ga tegishli huquqbuzarlik ishi ko‘rilgan. Unga ko‘ra, 38 yoshli ayol M.A. joriy yilning 26 avgustida Dang‘ara tuman hokimi qarori asosida tumandagi 541-saylov uchastkasida saylov komissiyasi a’zosi bo‘lgan. U joriy yilning 27 oktyabr kuni o‘tkazilgan saylovda “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari saylovida ovoz berishni tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi”gi nizom talablariga rioya qilmay, fuqaro M.M.ga boshqalar nomidan ovoz berish uchun jami 4 tadan ortiq bo‘lgan saylov byulletenlarini berib, saylov o‘tkazish qonunchiligi buzilishiga yo‘l qo‘ygan.
Sudda M.A. sodir etgan huquqbuzarligiga iqror bo‘lgan va harakatlaridan chin ko‘ngildan pushaymonligi to‘g‘risida ko‘rsatma bergan. U Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51 prim 10-moddasi (Saylov (ovoz berish) byulletenlarini berish tartibini buzish) bilan aybdor deb topilgan va bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari miqdorida – 375 ming so‘m jarimaga tortilgan.
Jarimaning davlat daromadi hisobiga undirilishi belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 27 oktyabr kuni O‘zbekistonda parlament saylovi bo‘lib o‘tgani va unda O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi g‘olib bo‘lgani xabar qilingan edi.
LiveBarchasi