Farg‘onada bir kunlik chaqaloq dalaga tashlab ketildi
3-sahifa
−
13 noyabr 2023
11654Farg‘ona viloyatining Farg‘ona tumanida yangi tug‘ilgan chaqaloq qirli dalaga tashlab ketildi. Bu haqda “Zamon” dasturida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 2 noyabr kuni Farg‘ona tumani “Yuqori archa” MFYdagi katta dalaga yangi tug‘ilgan, hali kindigi ham kesilmagan qiz bola jinsidagi chaqaloq tashlab ketilgan. Kun botishiga yaqin vaqtda dalani ot bilan aylanib yurgan fuqaro uni topib olgan.
“Yaxshiyam o‘sha kuni dalani aylanib yurgan ekanman. Yo‘qsa bir yarim soatdan keyin qorong‘i tushardi, yaqin atrofda daydi itlar kezib yurgandi”, degan chaqaloqni topib olgan erkak.
U shu zahoti o‘g‘liga qo‘ng‘iroq qilgan, o‘g‘li esa hududiy inspektor hamrohligida voqea joyiga yetib kelgan. Inspektor tez yordam chaqirilganiga qaramay vaqtdan yutish maqsadida chaqaloqni o‘z shaxsiy mashinasida shifoxonaga olib borgan.
Shifoxonada go‘dakning hayoti saqlab qolingan, biroq u uzoq muddat sovuqda qolib ketgani sabab tanasining harorati pasayib ketgani ma’lum bo‘lgan.
“Chaqaloq tug‘ilishi bilanoq tashlab ketilgan. Uning kindigidagi belgilardan tug‘uruq uy sharoitida bo‘lgani bilinadi”, deydi bolaga birinchi yordam ko‘rsatgan shifokorlardan biri.
Ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalayotgan ma’lumotlarda esa chaqaloqning ota-onasi hali maktab o‘quvchilari ekani aytilmoqda.
QALAMPIR.UZ mazkur holatga oydinlik kiritish maqsadida Farg‘ona viloyat IIB axborot xizmati boshlig‘i Ismoil Sharipov bilan bog‘landi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur jinoyatni sodir etgan ayol va bolaning biologik otasi kimligi aniqlangan. Hozirda ularga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
“Sizga aytishim mumkin bo‘lgani faqat shular, fuqarolarning shaxsi bilan bog‘liq ma’lumotlar esa qonunchilikka ko‘ra, sir tutiladi”, deydi Sharipov.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida 28 yoshli ayol 4 kunlik chaqalog‘ini ko‘chaga tashlab ketgan edi.
LiveBarchasi