Farg‘onada 4 kishi xot-dogdan zaharlandi 

Jamiyat

image

Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanida tushlik uchun xot-dog yegan 4 kishi zaharlandi. Bu haqda Sanepidqo‘mita axborot xizmati xabar berdi. 

Qayd etilishicha, qo‘mitaning Farg‘ona viloyati boshqarmasi O‘zbekiston tumani bo‘limiga kecha, 6 noyabr kuni soat 11:30 larda tuman Tibbiyot birlashmasiga qarashli Yuqumli kasalliklar bo‘limiga 4 nafar bemorni oshqozon-ichak faoliyatining funksiyasi buzilishi tashxisi bilan yotqizilgani yuzasidan xabarnoma berilgan. Ushbu xabarnomaga asosan Canepidqo‘mita xodimlari tomonidan sanitariya-epidemiologik surishtiruv ishlari olib borilgan. 

Surishtiruv davomida bemorlarning 2 nafari  2024 yil 5 noyabr kuni tushlik vaqtida O‘zbekiston tumani “Yaypanbozorbosh” MFY, Ibn Sino ko‘chasida faoliyat olib borayotgan fastfud mahsuloti tayyorlab sotish shoxobchasida xot-dog iste’mol qilgani, yana 2 nafar bemor esa ushbu tumanning “Oqtepa” MFY, ”Turkiston” ko‘chasida faoliyat olib borayotgan “Oqtepa mini food” nomli fastfud mahsuloti tayyorlab, sotish shoxobchasida xot-dog mahsulotini iste’mol qilgani ma’lum bo‘lgan.  

Bildirilishicha, bemorlar shifoxonada shifokorlar tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, “Oshqozon-ichak faoliyatining funksiyasini buzilishi” tashxisi bilan bo‘limga yotqizilgan. Bemorlarning umumiy holati qoniqarli.

Ushbu holat Sanepidqo‘mita mutaxassislari tomonidan to‘liq nazoratga olingan. O‘rganish ishlari davom ettirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxoro viloyatida o‘tkazilgan to‘y marosimida 50 nafardan ko‘proq odam ovqatdan zaharlangani xabar qilingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Farg'ona fastfud zaharlandi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing