Farg‘onada 16 yoshli qiz yonib ketdi
Jamiyat
−
20 dekabr 2019
10415Bugun, 20 dekabr kuni Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumani “Obod” MFY Bo‘ston ko‘chasida joylashgan 36-uyda yong‘in yuz berdi. Bu haqda soat 05:20 da yong‘in-qutqaruv qismiga xabar kelib tushgan. Bu haqda Davlat yong‘in xavfsizligi xizmati ma’lum qildi.
Voqea joyiga 2 ta yong‘in o‘chirish bo‘linmalari jalb etilgan. Bo‘linmalar chaqirilgan manzilga yetib borgan vaqtda yashash uyining ichki va tom qismi ochiq alanga bilan yonayotganligi ma’lum bo‘lgan. Ko‘rilgan tezkor harakatlar natijasida yong‘in soat 05:33 da qurshab olingan va soat 06:00 da to‘liq bartaraf etilgan.
Yong‘in oqibatida yashash uyining 45 kv metr maydonda tomi, shifti va ichki jihozlari yonib zararlangan. Uyning 100 kv metr maydoni saqlab qolingan.
Yong‘inni o‘chirish vaqtida uy bekasining nabirasi 2003 yilda tug‘ilgan fuqaro A.S.ning kuygan holdagi jasadi topilgan. Yong‘inni taxminiy sababi qo‘lbola o‘tinli isitish pechini yoqib nazoratsiz qoldirilishi. Yong‘in holati yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.