Farg‘onada 1,2 mln so‘m pora olgan YPX inspektori qamaldi
3-sahifa
−
21 aprel 7479 2 daqiqa
Farg‘ona viloyatida 1,2 mln so‘m pora olgan yo‘l-patrul xizmati inspektori 2 yilga qamaldi. QALAMPIR.UZ sud hujjati bilan tanishdi.
Hujjatga ko‘ra, o‘tgan yilning 29 oktyabr kuni soat 16:00 larda Farg‘ona viloyati IIB JXX yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi 2-otryad 4-safarbar guruhi yo‘l patrul xizmati inspektori lavozimida ishlab kelgan Sh.X. Buvayda tumani Qo‘ng‘irot qishlog‘ida B.A.ning Lacetti rusumli avtomashinasini tegishli ruxsatnomasiz old yon oynalari tusini o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) holda boshqarib kelgani uchun ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma rasmiylashtirmaslik evaziga undan 1 mln 200 ming so‘m pulni tanishi Sh.Sh.ning bank kartasiga o‘tkazib, pora tariqasida olgan.
Joriy yilning 24 fevral kuni Farg‘ona viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha Buvayda tuman sudida mazkur ish ko‘rib chiqilgan. Unda sudlanuvchi Sh.X. Jinoyat kodeksining 210-moddasi (Pora olish) 1-qismi bilan aybli deb topilib, 2 yil muddatga mansabdorlik lavozimlari hamda moddiy javobgarlik yuklatilgan vazifalarda ishlash huquqidan va shuncha muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.
Joriy yilning 9 aprel kuni Farg‘ona viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining kassatsiya instansiyasi ochiq sud majlisida sudlangan tomonning shikoyati asosida ish qayta ko‘rib chiqilgan va unda Sh.X. himoyachisi bilan birgalikdagi ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlashni so‘ragan. Biroq Sh.X.ga nisbatan chiqarilgan jinoyat ishlari bo‘yicha Buvayda tuman sudining 2025 yil 24 fevraldagi hukmi o‘zgarishsiz, kassatsiya shikoyati qanoatlantirilmasdan qoldirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sirdaryo viloyatida 400 AQSH dollari evaziga tekshiruv materiallarini yo‘l-transport hodisasi sodir etgan haydovchining foydasiga hal qilishni va sud-tibbiy ekspertizasini yengillashtirishni va’da qilgan inspektor 4 yilga ozodlikdan mahrum qilingandi.