Tezkor! Farg‘onada hokim o‘rinbosari ekologiya inspektoriga kuch ishlatdi (video)

3-sahifa

image

Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanida Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi inspektori Axrorjon Niyozovga tuman hokimi o‘rinbosari Saidali Xizirov kuch ishlatib, Milliy gvardiya xodimlari yordamida tuman Ichki ishlar bo‘limiga olib ketdi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi maslahatchisi Rasul Kusherboyev o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.

Kusherboyevning bildirishicha, aholi murojaatiga asosan holat joyiga tezkor yetib borgan Ekologiya qo‘mitasi inspektori noqonuniy daraxt kesish holatini aniqlab, uni to‘xtatib, belgilangan tartibda hujjatlarni rasmiylashtirmoqchi bo‘lgan. 

“Biroq uning qonuniy harakatiga zo‘ravonlik yo‘li bilan qarshilik qilinmoqda. Ekologiya milliy qo‘mitasi hokim o‘rinbosari va boshqa mas’ul shaxslarning bu harakatini keskin qoralaydi va ularning qonuniy javobgarlikka tortilishi choralarini ko‘radi”, deydi u.

Ushbu holat bo‘yicha viloyat Ekologiya boshqarmasi munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, hozirda hududda ekologik nazorat o‘rnatilgan bo‘lib, tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘rganish va nazorat ishlari olib borilmoqda.

“O‘rganishlar natijasiga ko‘ra, ushbu holat bo‘yicha qo‘shimcha yakuniy ma’lumot berilishi ma’lum qilinadi”, deyiladi xabarda.

Ushbu holatda hokim o‘rinbosarining zo‘rlik ishlatishiga Ichki ishlar xodimi tomoshabin bo‘lib turgani yetmagandek, ekologni yoqasidan tutgancha olib ketganini qanday tushunish mumkin?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan joriy yil 19 noyabr kuni qabul qilingan “Ekologiya va turizm sohalarida aholi talablariga tezkor javob bera oladigan boshqaruv tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining hududiy bo‘linmalar va tuman (shahar) bo‘limlari xodimlari mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tuzilmasiga kirmaydi hamda o‘z faoliyatini mustaqil amalga oshiradi va Ekologiya qo‘mitasi oldida hisobdor bo‘ladi, deb yozilgan. Farmon imzolanganidan bir hafta o‘tgani va mamlakatda ekologiya masalasi kun tartibida turganiga qaramay, hokimlar va ularning o‘rinbosarlari ekologlarni mensimay, ularga kuch ishlatishi, faoliyatiga to‘sqinlik qilishi davom etmoqda. Yo ular Prezident imzolagan farmonni o‘qimaydi, yo o‘qisa ham parvo qilmaydi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ham Rasul Kusherboyev shunga o‘xshash holat haqida gapirgan edi. O‘shanda u o‘tgan yili poytaxtda ekologiyani zaharlayotgan tashkilotlarga chora ko‘rilayotganda, o‘sha paytdagi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirining birinchi o‘rinbosari noma’lum shaxslar tomonidan o‘g‘irlab ketilganini ochiqlagandi.


Maqola muallifi

Teglar

Farg'ona Ekologiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing