Farg‘onada Haj ziyoratiga yuborishni va’da bergan navbatdagi firibgar aniqlandi
3-sahifa
−
09 iyun 2023
4754Farg‘ona viloyatida noqonuniy Haj ziyoratiga yuborishni va’da bergan navbatdagi shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Unda aytilishicha, Farg‘ona shahrida faoliyat yurituvchi turistik firma xodimi fuqarolarga 20 ming AQSH dollari evaziga Saudiya Arabistoniga Haj ziyoratiga yuborishni va’da qilgan. Marg‘ilon shahrida yashovchi, 1987 yilda tug‘ilgan fuqaro va uning o‘g‘lidan talab qilingan umumiy summadan 10 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Tezkor surishtiruv harakatlari davomida u ushbu pul mablag‘ini turistik firma rahbarining ko‘rsatmasi asosida olganligi ma’lum bo‘lgan. Hozirda holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda Haj safari Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 7 iyundagi “Haj va Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 364-sonli qaroriga muvofiq Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va Saudiya Arabistonining Haj vazirligi o‘rtasida har yili imzolanadigan shartnoma asosida amalga oshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, Farg‘ona viloyati Buvayda tumani hamda Marg‘ilon shahrida xuddi shundan holat bilan firibgarlik amalga oshirgan turistik firma vakillari qo‘lga olingan edi.
LiveBarchasi