Farg‘ona vodiysida chet tiliga ixtisoslashgan yana bir OTM tashkil etildi

Jamiyat

image

Prezident qarori bilan Ishoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillar instituti tashkil etildi. Institutda o‘quv jarayoni 2022/2023 o‘quv yilidan boshlanadi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi ma’lum qildi.

2023/2024 o‘quv yilidan boshlab Institutning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish imtihonlarida fanlar majmuasidagi chet tili fanidan 4 ta ko‘nikmani (tinglab tushunish, o‘qish, yozish va gapirish) baholashga qaratilgan kasbiy (ijodiy) imtihon o‘tkaziladi. Bunda:

•    chet tili fanidan kasbiy (ijodiy) imtihon Davlat test markazi tomonidan amalga oshiriladi;
•    chet tili bo‘yicha B2 va undan yuqori darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro tan olingan sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentlarga ushbu fandan o‘qishga kirish sinovlarida kasbiy (ijodiy) imtihonsiz maksimal ball beriladi.

Institutda talabalarga ikkita xorijiy til bo‘yicha kvalifikatsiya berish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Institutning xorijiy tilda mutaxassislik fanlaridan dars beradigan S1 darajadan kam bo‘lmagan milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro tan olingan sertifikatga ega o‘qituvchilariga ularning bazaviy lavozim maoshiga nisbatan har oylik 50 foiz miqdorida qo‘shimcha ustama haqi to‘lab boriladi.

2023 yildan boshlab Institutga doktorantura bo‘yicha qabul kvotalari ajratiladi.

2024/2025 o‘quv yilidan boshlab:

•    Institutning o‘quv jarayoniga til egasi bo‘lgan malakali xorijiy mutaxassislar jalb qilinishi tashkillashtiriladi;
•    Institut talabalarining o‘quv va ilmiy amaliyotlari xorijiy davlatlarda tashkil etiladi.

Shuningdek, Institut Ishoqxon Ibrat nomidagi ijod maktabining ta’lim hamkori etib belgilandi.
 


Maqola muallifi

Teglar

OTM

Baholaganlar

60

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing