Portlagan “zapravka” buzildi

Tahlil

Farg‘onada portlashdan so‘ng ... 

Bir nechta fuqarolarning bevaqt hayotdan ko‘z yumishiga, birovning nogiron bo‘lib qolishiga, birovning esa og‘ir tan jarohati olishiga sababchi bo‘lgan Farg‘onadagi “zapravka”  buzilmoqda. Shoxobcha boshqa faoliyat olib bormaydi. 

Ushbu AYOQSH va AGTSH aholi hamda hududlarni muhofaza qilish va kelgusida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarni oldini olish maqsadida tadbirkorning o‘z xohishiga ko‘ra buzilmoqda.

QALAMPIR.UZ manbasiga ko‘ra, portlagan joy “FARG‘ONA LAYLI N” xususiy kompaniyasiga tegishli. Korxona 2006 yilda tashkil etilgan va asoschisi Azizxo‘ja Yusupxo‘jayevich Mavlonov sanaladi.

QALAMPIR.UZ olib borgan surishtiruvlari davomida asli farg‘onalik bo‘lgan bu tadbirkor Bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonovning yaqin qarindoshi ekani, ya’ni ular aka-ukaligi aniqlandi. Ma’lumot uchun, Akmalxo‘ja Yusupovich Mavlonov ham 1975 yilda Farg‘ona viloyatida tavallud topgan. Ma’lumoti oliy, 2002 yilda Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagan. Mutaxassisligi huquqshunos-yurist.

“Zapravka”-ku buzilar, uni qurdirganlar-chi? Bu “zapravka” qonunchilik talablariga nomuvofiq qurilganligi aniq. Ammo uning qurilishiga mas’ullar va bunga o‘z vakolatidan foydalanib ruxsat bergan mansabdorlarning harakatlariga jinoiy-huquqiy baho beriladimi? 

Dastlab taqdim etilgan rasmiy munosabatlarda yong‘in oqibatida 1 fuqaro vafot etgani, 4 ta kishi jarohat olib, 8 nafar fuqaro tibbiyot xodimlari nazoratida ekani aytilgandi. 18 dekabr kuni ma’lumotlar yangilanib, qurbonlar soni ortib, 4 nafarga yetgani ma’lum bo‘ldi.

Bir qator ijtimoiy tarmoq faollari va QALAMPIR.UZ ga kelib tushgan ma’lumotlarda qurbonlarning soni ancha ko‘pligi va ular sir saqlanayotgani aytilgan. Xo‘sh, chindan ham qurbonlar soni biz o‘ylagandan ko‘proqmi? 

Jabrlanganlarning ahvoli qanday, vafot etgan fuqarolarning oilasiga yordam ko‘rsatildimi, portlash sodir bo‘lgan “zapravka” yaqinidagi turarjoy binolari va ularda yashayotgan aholiga nima bo‘ldi, portlash oqibatlari bartaraf etildimi? QALAMPIR.UZ mazkur savollarga javob topish maqsadida viloyat hokimligi va Ichki ishlar boshqarmasi bilan bog‘landi. Viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi bilan bog‘lanishning esa imkoni bo‘lmadi. Aniqrog‘i, qo‘ng‘iroqlarimiz javobsiz qoldi.

Yodingizdan hali chiqib ulgurmagan bo‘lsa kerak, joriy yilning 17 dekabr kuni soat 13:43 da Farg‘ona viloyatining Farg‘ona shahrida joylashgan avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchasida dahshatli portlash sodir bo‘lgandi. Viloyat hokimligi tomonidan QALAMPIR.UZ’ga berilgan ma’lumotlarda portlash shaharning “Yangi yo‘l” mahallasi Ahmad Yassaviy ko‘chasi 8-A uyda joylashgan ko‘p yoqilg‘ili avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchasining yer ostida joylashgan (benzin, propan) 1 ta 10 metr kub hajmli suyultirilgan gaz saqlash sig‘imining yorilishi, suyultirilgan gazning keng maydonga tarqalishi va gazning chaqnashi oqibatida yong‘in sodir bo‘lgani aytilgan.

Oradan 3 kun o‘tib, 20 dekabr kuni Sog‘liqni saqlash boshqarmasi jabrlanganlar holatini ma’lum qildi. Bildirilishicha, portlash sodir bo‘lgan kuni soat tush payti 14 lar atrofida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filialiga o‘t chaqnashi oqibatida jarohat olgan 13 nafar fuqaro olib kelingan. Ulardan 1 nafari o‘lik holatda keltirilgan va u sud-tibbiy ekspertizaga yo‘naltirilgan.

Xuddi shu kuni soat 15:00 holatiga ko‘ra, 2 nafar bemorga bolalar reanimatsiya bo‘limida davo choralari ko‘rilib, ularga “Alangadan keyingi tananing bosh, yuz, bo‘yin, ikkala qo‘l, yelka, bilak, kaft, barmoq, ko‘krak, qorin, ikkala kurak, bel va ikkala oyoq son, boldir sohalarining II-III AB-darajali 90 foiz termik kuyishi, II-III-darajali yuqori nafas yo‘llarining termoingalyatsion jarohati, kuyish shoki o‘ta og‘ir darajasi, asistoliya” tashxisi qo‘yilgan. Ularning umumiy ahvoli og‘ir bo‘lgan. Keyinchalik ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan bolalar vafot etgan.

Shuningdek, neyroxirurgik reanimatsiya bo‘limiga 3 nafar bemor yotqizilgan. Ularga alangadan II-III AB darajali 70-90 foiz kuyish darajasi tashxisi qo‘yilgan. Bugungi kunda ularning umumiy ahvoli o‘ta og‘ir.  Mazkur bo‘limdagi 1 nafar ayolga reanimatsiya bo‘limida davo choralari ko‘rilib, unga kuyish tashxisi qo‘yilgan va ko‘rilgan reanimatsion chora-tadbirlarga qaramay soat 23:25 da bemor vafot etgan va uning jasadi sud-tibbiy ekspertizasiga jo‘natilgan.

4 nafar bemor kombustiologiya bo‘limida davolanmoqda. Ularga alangadan yuz, bo‘yin, ikkala qo‘l, bilak-kaft barmoq sohalarining  II-III A va 20 foiz termik kuyish darajali tashxisi bilan kerakli davo muolajalarini olmoqda. Ularning umumiy holati stabil, o‘rtacha og‘irlikda.  Yana 3 nafariga kuyishdan yengil jarohat olgani va ahvoli qoniqarli bo‘lgani sababli shifokorlar ko‘rigidan so‘ng uylariga javob berilgan.

Hokimlik ham yuqoridagi ma’lumotlarni tasdiqladi va jabrlanganlar haqida ochiq ma’lumot berilganini aytdi.

Mazkur holat yuzasidan Farg‘ona viloyat IIB tomonidan Jinoyat kodeksining 257-moddasi (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish)  2-qismi “a” bandi hamda 259-moddasi (Tog‘-kon, qurilish yoki portlatish ishlari xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, jinoyat ishi doirasida 5 nafar shaxs protsessual tartibda qamoqqa olingani, 2 nafar shaxsni ushlash choralari ko‘rilayotgani ma’lum qilindi. QALAMPIR.UZ hibsdagi shaxslarning lavozimi bilan qiziqdi, ammo IIB bu sir ekanini, tergov ishlari hali o‘z yakuniga yetmaganini, holat yuzasidan tegishli ekspertizalar tayinlanganini ma’lum qildi. Qiziq: aslida odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan hodisa yuzasidan har ikkala moddaning ham “odam o‘lishiga” sabab bo‘lgan, degan "a" bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Vaholanki, har ikki moddaning ham 2-qismida "boshqa og‘ir oqibatlar kelib chiqishiga sabab bo‘lsa", degan "b" bandi bor. 

Aslida, bizga qolsa, ushbu "b" bandi moddaning nisbatan og‘irroq sanksiya nazarda tutilgan 3-qismidan joy olishi adolatdan bo‘lar edi.

Dastlab taqdim etilgan axborotda yonib ketgan mashinalar haqida ma’lumotlar taqdim etilmagandi. Buni qarangki, yong‘in sodir bo‘lgan kuni yonilg‘i quyish shoxobchasi hududida bo‘lgan 6 ta, hudud tashqarisida 3 ta, jami 9 ta turli rusumdagi avtomobillar yonib ketgan.

Shuncha bo‘lgan voqeadan keyin viloyat hokimligi tomonidan qanday ishlar olib borilayotgani bilan qiziqdik. Haqiqatdan ham bir qator Telegram-kanallarida tarqalgan “Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Hayitboyevich vafot etganlar oilasidan xabar olib, kerakli yordamlarni ko‘rsatdi, ularga kompensatsiya to‘lab berdi” degan gaplar rostmi? Bunga aniqlik kiritish maqsadida QALAMPIR’UZ hokimning matbuot kotibi Mas’udjon Sulaymonov bilan bog‘landi. Uning bizga ma’lum qilishicha, hokim halok bo‘lganlarning xonadoniga borib, janozada ishtirok etgan, ular bilan suhbatlashgan, hamda marhumlarning yaqinlariga hamdardlik bildirgan. Qurbon bo‘lgan to‘rt kishining oilalariga yordam pullari berilgan. Ammo hokimlik pul miqdori qancha ekanligini sir tutishni ma’qul ko‘rdi.

Gap borib, portlagan “zapravka” atrofidagi uylarga kelganda, fuqarolar uylaridan evakuatsiya qilinmagan. Ular xonadoniga zarar yetishiga qaramasdan uylarida yashashda davom etmoqda. Shunday bo‘lsa-da, hokimlik vakili keltirilgan zarar ma’lum muddatda hisoblab chiqilib, qoplab berilishini aytdi.

Bundan tashqari, Farg‘ona hokimi voqea sodir bo‘lgan kunning ertasiyoq, 18 dekabrda portlashning sababini aniqlash hamda boshqa shoxobchalarda favqulodda hodisa sodir bo‘lishining oldini olish yuzasidan texnik jihatdan o‘rganishni tashkil etish to‘g‘risida farmoyish chiqargan. QALAMPIR.UZ farmoyishini batafsil o‘rganib chiqdi. Unga ko‘ra, “O‘zdavneftgazinspeksiya” Farg‘ona hududiy bo‘limi, viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, “Hududgaz Farg‘ona” gaz ta’minoti filiali kabi mas’ul tashkilotlar xodimlaridan iborat ishchi guruhi tuzilgan.

Mazkur ishchi guruhi tomonidan avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyalari (AGTKS), avtomobillarga gaz quyish stansiyalari (AGKS) va avtomobillarga yonilg‘i quyish stansiyalari (AYOQS)ning sanoat, yong‘in, ekologik xavfsizligi talablariga muvofiqligi, yoqilg‘i saqlash rezervuar (sig‘im)larning holati va boshqa qonunchilikdagi me’yorlarni o‘rganish vazifasi topshirildi.

Shuningdek, viloyat hududida faoliyat yuritayotgan barcha avtomobillarga yoqilg‘i quyish, siqilgan va suyultirilgan gaz to‘ldirish shoxobchalarida ishlovchi ishchi-xodimlarni viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi qoshidagi o‘quv markazida dastur asosida shartli ravishda o‘qitilishi ta’minlanadi. Farmoyishda hatto  o‘rganishlar natijalari bo‘yicha salbiy holatlarga yo‘l qo‘ygan shoxobchalar ish faoliyatini vaqtincha to‘xtatish va litsenziyalarini bekor qilishgacha bo‘lgan ta’sir choralari ko‘rilishi nazarda tutilgan. Barcha harakatlar joriy yilning 25 dekabr kuniga qadar o‘rganib chiqilishi belgilangan.

Viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan barcha turdagi “zapravka”lar belgilangan norma va me’yorlarga muvofiqligi holati o‘rganib chiqilar ekan. Nima uchun butun mamlakat bo‘yicha emas? Buning uchun har bir viloyatda kamida bittadan portlash yuz berishi kerakmi?

Umid qilamizki, hokimlik farmoyishida keltirilgan yuqoridagi gaplar qog‘ozda qolib ketmaydi. Viloyat hokimligidan tortib barcha mutasaddi tashkilotlar o‘z mas’uliyati va majburiyatini his qilib, portlash yuzasidan amaliy ishlar olib boradi. Va eng asosiysi, ushbu baxtsiz hodisa sababchilari jazosiz qolmaydi.


Maqola muallifi

Teglar

portlash Farg'ona zapravka

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing