Falastinni qo‘llab-quvvatlagan futbolchi qamoq jazosiga hukm qilindi
Sport
−
04 yanvar 2024 16324 2 daqiqa
Bugun, 3 yanvar kuni “Nitssa” himoyachisi Yusuf Atalga “diniy asosda nafrat uyg‘otish” aybi bilan 8 oylik shartli qamoq jazosi va 45 ming yevro jarima tayinlandi.
Oktyabr oyida Falastin-Isroil mojarosi keskinlashishi fonida futbolchi ijtimoiy tarmoqlarda butun dunyo bo‘ylab yahudiylarni tanqid qilgan va Isroil bilan mojaroda Falastinni qo‘llab-quvvatlovchi videosini e’lon qilgandi.
Keyinroq futbolchi o‘z postini o‘chirib tashladi va omma oldida uzr so‘radi. Biroq u qo‘ygan videoning jiddiyligini inobatga olib, klub futbolchiga nisbatan zudlik bilan birinchi intizomiy jazo qo‘lladi va uni jamoadan chetlashtirdi.
Keyinchalik, xuddi shu sababga ko‘ra, Atal Fransiya Professional Futbol Ligasi (LFP) tomonidan yettita o‘yinga diskvalifikatsiya qilindi.
Joriy mavsumda 27 yoshli himoyachi “Nitssa” tarkibida oltita o‘yinda maydonga tushib, 1 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. U 1 oktyabrdan beri maydonga tushmadi, biroq futbolchiga qo‘yilgan taqiq dekabr oyi oxirida nihoyasiga yetgandi. Fransuz jamoasi Liga 1 da 2-o‘rinda bormoqda. Jamoa keyingi turda 13 yanvar kuni “Renn”ga qarshi maydonga tushadi.
Shu bilan birga, Atal Jazoir terma jamoasining a’zosi hisoblanadi. Sentyabr-oktyabr oylarida u o‘rtoqlik o‘yinlarida, noyabrda esa JCH-2026 saralash bahslarida maydonga tushgan. U hozirda Afrika kubogiga tayyorgarlik ko‘rayotgan “cho‘l tulkilari” ixtiyorida. Turnir 13 yanvardan 11 fevralga qadar Kot-d'Ivuarda bo‘lib o‘tadi.
Live
Barchasi