Falastin guruhlari va Isroil o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib oldi
Olam
−
14 may 2023
4426Kecha, 13 may kuni mahalliy vaqt bilan soat 22:00 dan (Toshkent vaqi bilan 00:00) G‘azo sektorida joylashgan Falastin va Isroil guruhlari o‘zaro o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib oldilar. Bu haqda “Extra News” telekanali xabar berdi.
Aytilishicha, G‘azodagi Falastin guruhlari, asosan, “Islomiy jihod” 13 may oqshomida bir guruh vositachilar taklif qilgan Isroil bilan yangi sulh rejasiga prinsipial kelishib olgan. O‘t ochishni o‘zaro to‘xtatib turishning ushbu sxemasi, xususan, tinch aholiga hujumlar va turar-joy binolarini bombardimon qilishni to‘xtatishni nazarda tutgan.
Shu bilan birga, Isroil Misr tomonidan taqdim etilgan yangi taklifni [o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risida] o‘rganayotgani haqida xabarlar paydo bo‘lgan.
Ikkala tomon ham tasdiqlagan kelishuv Isroilning G‘azoda falastinliklarning uylarini buzish va Falastin qarshilik ko‘rsatish yetakchilarining oilalarini o‘ldirishdan voz kechishini nazarda tutgan.
Kelishuv shartlariga ko‘ra, Isroil Falastindagi ayrim tashkilotlar rahbarlarini yo‘q qilish uchun aniq zarba berishni to‘xtatish majburiyatini olmagan. Bundan tashqari, falastinliklar Isroil hududiga hujum qilishda foydalanadigan raketalarni ishlab chiqarish uchun turar-joy binolaridan foydalanishni istisno qilishni talab qilgan. Shuningdek, kelishuvda G‘azo va Isroil o‘rtasidagi chegarada nazorat-o‘tkazish punktlarini ochish zarurligiga ishora qilingan.
Biroq mazkur sulh haqidagi xabarlar tarqalganidan ko‘p o‘tmay Isroilning G‘azo sektori bilan chegarasi yaqinida havo hujumidan ogohlantirish tizimi yana ishga tushgan. Shundan so‘ng, Isroil qo‘shinlari Falastin anklavlari hududiga zarbalarni qayta boshlaganini ma’lum qilgan.
“Isroil mudofaa kuchlari G‘azo sektoriga zarba berishda davom etmoqda. Faqat G‘azo sektoridan uchirilgan raketalarga javoban Isroil mudofaa kuchlari samolyoti “Islomiy jihod”ga tegishli ikkita yashirin raketa uchirgichiga hujum qildi”, deyiladi Isroil armiyasi matbuot xizmati xabarida.
Isroil tarafiga ko‘ra, Falastin anklavidan soat 22:00 dan keyin oxirgi marta Isroil hududiga ikkita raketa uchirilgan. Havo hujumidan mudofaa kuchlari bitta raketani tutib olgan, ikkinchisi ochiq maydonga tushgan.
Mazkur holatdan so‘ng Isroil Milliy xavfsizlik kengashi (MXK) rahbari Tzachi Xanegbining bayonoti e’lon qilinib, Tel-Aviv Misrning G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatishga qaratilgan tashabbusiga qo‘shilishini va anklavdagi Falastin fraksiyalarining “sukutiga sukut bilan javob berish” niyatida ekanini bildirilgan.
“Hukumat rahbarining ko‘rsatmasi bilan Xanegbi Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisiga o‘z mamlakatining sulhga erishish borasidagi sa’y-harakatlari uchun minnatdorlik bildirdi”, deyiladi Isroil Bosh vaziri ofisi tomonidan tarqatilgan xabarda.
Unda aytilishicha, MXK rahbari Isroilning Misr tashabbusini qabul qilishi sukut bilan kutib olinishini anglatishini, biroq Isroilga hujum yoki tahdid qilinsa, u o‘zini himoya qilish uchun zarur bo‘lgan hamma narsani qilishda davom etishini aytgan.
G‘azo sektori atrofida vaziyatning keskinlashuvi
9 maydan beri Isroil armiyasi G‘azo sektorida “Qalqon va o‘q” operatsiyasini amalga oshirib, “Islomiy jihod”ning harbiy ob’ektlariga zarba berib kelgan. Bu bir hafta oldin yahudiy davlatining ommaviy o‘qqa tutilishiga javoban boshlangan. 2 may kuni G‘azodan bir sutka ichida Isroil hududiga yuzdan ortiq raketa va minomyot otilgan. Otishmalar “Islomiy jihod” faoli Xadr Adnanning Isroil qamoqxonasida o‘ldirilgani haqidagi xabarlar ortidan sodir bo‘lgan.
G‘azo sektoridan Isroilga uchirilgan raketalarning aksariyati yo aholi yashamaydigan hududlarga qulagan yoki “Temir gumbaz” havo mudofaa tizimi tomonidan tutib olingan. Yahudiy davlati qurolli kuchlari esa sektordagi 325 ta harbiy nishonga zarba bergan.
Ushbu qurolli to‘qnashuvlar ortidan esa 9 maydan to hozirgacha 30 dan ortiq falastinlik halok bo‘lgan va 150 ga yaqin kishi jarohatlangan.
LiveBarchasi