Falastindagi anjumanda Ektor Kuper maqsadini aytdi
Sport
−
04 Sentabr 2019
5589Ertaga, 5 sentyabr kuni Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi jahon chempionati – 2022 ikkinchi saralash bosqichi doirasida Falastinga qarshi maydonga tushadi.
Shu munosabat bilan bugun, 4 sentyabr kuni Falastin – O‘zbekiston uchrashuvi oldidan matbuot anjumani tashkil etildi. Unda milliy terma jamoa ustozi Ektor Kuper bilan birgalikda Farrux Sayfiyev ishtirok etdi.
“Birinchi o‘yin hamisha juda muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, saralash o‘yinlarini 3 ochko bilan boshlash juda-juda muhim. O‘tkazilgan yig‘in davomida mazkur o‘yinga jiddiy hozirlik olib borishga harakat qildik. O‘ylashimcha, bir qator jihatlardagi kamchiliklarni yaxshilay oldik. Mazkur o‘yindan ijobiy natija kutyapman.
Yana shuni alohida qayd etishim lozimki, guruhdagi har bir raqib – jiddiy jamoa. Har bir o‘yinga juda jiddiy tayyorgarlik ko‘rishimiz talab etiladi. Lekin ertangi uchrashuvda faqat 3 ochkoni ko‘zlagan holda maydonga chiqishimizni ayta olaman.
Maqsadimiz – guruhda birinchi bo‘lish. Buning uchun birinchi galda o‘z o‘yinimizni yaxshilashimiz, o‘z o‘yinimizni namoyish eta olishimiz lozim. Shunda raqib zarur bo‘lsa, bizning o‘yinimizga qarab harakat qilishga majbur bo‘ladi.
Jahon chempionatiga yo‘l olishimiz uchun birinchi navbatda butun jamoamiz birlasha olishi hamda o‘z kuchimizga ishona olishimiz talab etiladi. Ya’ni har bir futbolchi oldinga qo‘yilgan maqsadga erishishimizga ishona olsa, shunda biz albatta o‘z falsafamiz bo‘yicha davom etamiz va yakunda maqsadimizga erisha olamiz. To‘g‘ri, O‘zbekiston hali mundialga yo‘l ola bilmagan. Lekin imkonsiz narsaning o‘zi yo‘q. Bu gal biz maqsadga erishishimiz imkoni bor. Faqat tarkibdagi hamma o‘z kuchimizga ishona bilishi lozim.
Jahon chempionatiga chiqishning o‘ziga xos siri yoki berkitadigan jihati yo‘q. Buning uchun jamoa o‘z ustida ishlashni to‘xtatmasligi hamda bitta maqsad sari intilishi zarur”, dedi Ektor Kuper.
“Falastin terma jamoasi oxirgi paytlarda ancha yaxshi o‘yin namoyish etyapti. Lekin bizni faqat g‘alaba qanoatlantiradi. Biz 3 ochko uchun maydonga tushamiz. Hudo xohlasa, uyga g‘alaba bilan qaytishga harakat qilamiz”, dedi Farrux Sayfiyev.
LiveBarchasi