Falastin Prezidentiga suiqasd uyushtirildi – OAV (video)
Olam
−
08 noyabr 2023
19494Iordan daryosining g‘arbiy sohilida Falastin Prezidenti Mahmud Abbosning kortejiga hujum uyushtirildi. Bu haqda Turkiyaning “Sabah” va “Miiliyet” nashrlari xabar berdi.
Aytilishicha, Mahmud Abbos jabrlanmagan, u butunlay sog‘lom va Ramallohdagi ofisida ishlamoqda. Jurnalistlarning yozishicha, hujum oqibatida siyosatchining tansoqchilaridan biri halok bo‘lgan. Qayd etilishicha, hujum uchun javobgarlikni avvalroq Mahmud Abbosni Isroilga urush e’lon qilishga chaqirgan “Abu Jandal o‘g‘illari” radikal guruhi o‘z zimmasiga olgan.
“Sabah” nashrining yozishicha, Mahmud Abbosning korteji Toshkent vaqti bilan taxminan 20:30 da hujumga uchragan. Turkiya ommaviy axborot vositalari siyosatchi kortejiga hujum uyushtirilgani taxmin qilinayotgan lahzani aks ettiruvchi videoni chop etmoqda. Kadrlarda Falastin Prezidentining soqchilaridan biri deyilayotgan shaxs o‘q uzilganidan keyin qanday qilib yerga qulagani ko‘rsatilgan. Hodisaning boshqa tafsilotlari oshkor etilmagan.
Falastin Prezidenti ma’muriyatining tushuntirishicha, Abbosning mashinasi o‘qqa tutilgan avtomobillar orasida bo‘lmagan va chop etilgan video Iordan daryosining g‘arbiy sohilidagi qochqinlar lageridagi otishma bilan bog‘liq.
Qayd etish joizki, hujumdan bir kun oldin (6 noyabrda) “Abu Jandal o‘g‘illari” guruhi vakillari Abbosga “G‘azoga yordam berish uchun Isroilga hujum qilish”ni talab qilib, 24 soatlik ultimatum qo‘ygan.
Ma’lumot uchun, Mahmud Abbos 2013 yildan beri Falastin Prezidenti sanaladi. Siyosatchi Falastin milliy ozodlik harakati (FATH) yetakchisi hisoblanadi. Shu bilan birga, FATH G‘azo sektori hududini boshqarmaydi, 2007 yildan buyon anklav HAMAS tomonidan nazorat qilinadi.
LiveBarchasi