Falastin Prezidenti HAMASni “itning bolalari” deb haqorat qildi

Olam

image

Kecha, 23 aprel kuni Falastin Prezidenti Mahmud Abbos Ramallohda bo‘lib o‘tgan Falastin Ozodlik Tashkiloti Markaziy Kengashining 32-sessiyasida so‘zga chiqib, HAMASni “itlarning bolalari” deb atab, guruhdan hali ham ushlab turgan garovdagilarni ozod qilishni, qurolsizlanishni va G‘azo ustidan nazoratni topshirishni talab qildi. Bu haqda “Al Jazeera” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Abbos HAMASni barcha asirlarni ozod qilishga chaqirib, ularni ushlab turish xatarli ekanini aytgan.

“HAMAS G‘azo sektorida o‘z jinoyatlarini sodir etish uchun bahonalar izlamoqda, ular orasidagi eng ko‘zga ko‘ringani – garovga olinganlarni ushlab turish”, degan Falastin Prezidenti.

Uning so‘zlariga ko‘ra, G‘azodagi qirg‘inlar narxini Isroil emas, xalq to‘lamoqda.

“Har kuni o‘lim bo‘ladi. Siz itlarning bolalari boringizni bering va bizni bu qiyinchilikdan qutqaring”, deya HAMASni haqorat qilgan Prezident.

HAMAS harakati esa Falastin Prezidentining so‘zlarini qoralagan. HAMASning yuqori martabali amaldori Basim Naim Abbosning aytgan so‘zlari “haqorat” ekanligini bildirgan.

Ma’lumot uchun, Mahmud Abbos ko‘pincha HAMASni Falastin birligiga putur yetkazishda ayblab keladi. HAMAS esa mamlakat rahbariyatini Isroil bilan hamkorlik qilgani va G‘arbiy sohildagi noroziliklarni bostirgani uchun tanqid qilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 18 aprel kuni Falastin ma’muriyati rahbari Mahmud Abbos so‘nggi 18 yil ichida ilk bor Suriya poytaxti Damashqqa rasmiy tashrif bilan borgan edi. U ushbu uchrashuvda Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shara bilan matbuot uchun yopiq uchrashuv o‘tkazgan. Manbalarga ko‘ra, uchrashuv davomida Abbos Suriya muvaqqat prezidenti bilan HAMASning kelajagi haqida ham gaplashgan, ammo tomonlar bu haqda aniq ma’lumot taqdim etmagan.


Maqola muallifi

Teglar

Falastin Mahmud Abbos HAMAS

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing