Falastin xalqi o‘z mustaqil davlatini barpo etish huquqiga ega – Mirziyoyev

Jamiyat

image

Prezident Shavkat Mirziyoyev Falastin xalqi Birlashgan Millatlar Tashkiloti rezolyutsiyalari bilan tasdiqlangan huquqqa, ya’ni o‘zining mustaqil davlatini barpo etish huquqiga ega ekanini aytdi. Bu haqda u bugun, 29 avgust kuni Toshkentdagi “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida bo‘lib o‘ttgan O‘zbekiston mustaqilligining 34 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbirida so‘z ochdi.

Davlat rahbariga ko‘ra, O‘zbekiston mustaqil Falastin davlatining tashkil etilishi bo‘yicha qat’iy pozitsiyada turadi. 

“Biz Falastin xalqi Birlashgan Millatlar Tashkiloti rezolyutsiyalari bilan tasdiqlangan huquqqa, ya’ni o‘zining mustaqil davlatini barpo etish huquqiga ega, degan qat’iy pozitsiyamizni yana bir bor bildiramiz”, degan Mirziyoyev. 

U, shuningdek, Afg‘oniston mintaqaviy va global xavfsizlikning muhim omili ekanidan kelib chiqib, ushbu mamlakatning hukumati bilan konstruktiv va amaliy hamkorlik olib borish zarurligini ham ta’kidlagan. 

Mirziyoyevning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekiston urush va ofatlar vaqtida og‘ir vaziyatga tushib qolgan begunoh insonlarga doimo beg‘araz yordam ko‘rsatib kelgan.

“Insonparvarlik an’analarimizga sodiq qolib, O‘zbekistonga olib kelingan Falastin fuqarolariga mehmonlarimiz sifatida zarur ijtimoiy, moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatish bo‘yicha maxsus farmon qabul qilindi”, degan davlat rahbari. 

Shu bilan birga, Prezident bag‘rikeng, mehr-oqibatli o‘zbek xalqi ushbu farmonda ko‘zda tutilgan chora-tadbirlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlab, ularni amalga oshirishda faol ishtirok etishiga ishonch bildirgan. 

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning 11 noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev navbatdan tashqari arab-islom sammitida nutq so‘zlab, urushda jabrlangan falastinlik bolalar va ayollarni O‘zbekiston shifoxonalarida beg‘araz davolashga tayyor ekanini bildirgan edi.

2024 yil 27 dekabr kuni 100 nafar yaralangan falastinlik bolalar va ayollar hamda ularning hamrohlari O‘zbekistonga evakuatsiya qilindi. O‘zbekistonning Qohiradagi elchisi Mansurbek Qilichevga ko‘ra, evakuatsiya qilingan falastinliklar O‘zbekistonda mehmon bo‘lib, o‘z vatanlariga qaytgunlariga qadar mamlakatdagi sharoitlardan foydalanadi.

Joriy yilning 14 avgust kuni esa Shavkat Mirziyoyevning “O‘zbekistondagi bir guruh falastinlik fuqarolarga davlat g‘amxo‘rligi, mehr-shafqat tamoyillari asosida ko‘mak berish tizimini yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari to‘g‘risida” farmoni qabul qilindi. Ushbu farmonga ko‘ra, O‘zbekistonga olib kelingan falastinlik bolalar ta’limga jalb etiladi, ularga ikki hafta muddatda zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa fuqarolarga beriladigan nafaqa tayinlanadi hamda falastinliklarning masalalarini hal etish chora-tadbirlarini moliyalashtirish maqsadida yuridik shaxs maqomisiz maxsus jamg‘arma tashkil etiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Shavkat Mirziyoev Falastin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing