O‘zbekistonga keltirilgan falastinliklarga nafaqa tayinlanadi
Jamiyat
−
15 avgust 2025 10438 3 daqiqa
O‘zbekistonga olib kelingan falastinliklarga ikki hafta muddatda zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa fuqarolarga beriladigan nafaqa tayinlanadi. Bu kecha, 14 avgust kuni qabul qilingan Prezident Shavkat Mirziyoyevning “O‘zbekistondagi bir guruh falastinlik fuqarolarga davlat g‘amxo‘rligi, mehr-shafqat tamoyillari asosida ko‘mak berish tizimini yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari to‘g‘risida” farmonida belgilangan.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda nogironlikka olib keluvchi kasalliklarga chalingan mehmonlarga qonunchilik hujjatlarida belgilangan davolanish muddatidan qat’i nazar nogironlikni belgilash choralarini ko‘radi. Agentlik ikki hafta muddatda mehmonlarga zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa fuqarolarga beriladigan nafaqa tayinlanishini ta’minlaydi.
Shu bilan birga, farmonda har bir mehnat yoshidagi falastinlik (I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar bundan mustasno) uchun har oyda minimal iste’mol xarajatlari miqdorida yashash nafaqasi joriy etilishi, mehmonlarning har bir oilasiga yashash manzili bo‘yicha uy-joyning ijara xarajatlari qoplab berilishi, mehmonlarga farzand tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa hamda dafn etish uchun nafaqa to‘lovi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun belgilangan miqdorda to‘lanishi, mehmonlarning har bir oilasiga birlamchi zaruriy vositalar (oilada ishlatiladigan nooziq-ovqat mahsulotlari to‘plami) xaridi uchun bir martalik ko‘tarma pul qo‘shimcha ravishda to‘lab berilishi, mehmonlarning oila a’zolariga shaxsiy hamrohlik qilish va individual ko‘mak ko‘rsatish, shuningdek, ularning ehtiyojlari va individual talablarini ro‘yobga chiqarish maqsadida bittadan mahalladagi ijtimoiy xodim biriktirilishi belgilangan.
Shuningdek, Respublika komissiyasi bir oy muddatda mehmonlar ehtiyojlari va imkoniyatlarini baholash orqali ularning jamiyatga integratsiyasini ta’minlash bo‘yicha har bir oila uchun zarur bo‘lgan ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish rejalarini ishlab chiqib, tasdiqlashi topshirilgan.
Farmonda belgilanishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Respublika komissiyasining ishchi organi hisoblanadi, mehmonlar bilan mahalla darajasida bevosita ishlar “mahalla yettiligi” va “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan tashkil etiladi. Mehmonlar uchun ishlab chiqilgan ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish rejalari respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda ularning bo‘linmalari uchun majburiy hisoblanadi.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi esa Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan birgalikda bir oy muddatda O‘zbekistonga keltirilgan falastinliklarning xohishiga ko‘ra ularning bandligini ta’minlash, zamonaviy kasb-hunarni egallashiga ko‘maklashish bo‘yicha Respublika komissiyasiga takliflar kiritishi belgilangan.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Markaziy bank, AT “Xalq banki” va boshqa tijorat banklari tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan mehmonlarni oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash”, “Biznesga birinchi qadam” va “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturlari doirasida tadbirkorlikka jalb qilish choralarini ko‘rishi topshirilgan. Bunda dasturlar doirasida O‘zbekistonga keltirilgan falastinliklar moliyaviy ko‘maklardan foydalanishi uchun buyurtmalar qabul qilish va ajratilgan mablag‘lardan foydalanishni monitoring qilish hokim yordamchilari va mahalla bankirlari tomonidan amalga oshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili 11 noyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev navbatdan tashqari arab-islom sammitida nutq so‘zlab, urushda jabrlangan falastinlik bolalar va ayollarni O‘zbekiston shifoxonalarida beg‘araz davolashga tayyor ekanini bildirgan edi. Shundan so‘ng QALAMPIR.UZ buning uchun mamlakat tibbiyot tizimi qay darajada tayyor ekaniga qiziqdi va Sog‘liqni saqlash vazirining bolalar va ayollar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Elmira Bositxonova bilan bog‘langandi. U falastinlik bolalarni davolashga O‘zbekistonning imkoniyati yetarli ekanini aytgandi.
2024 yil 27 dekabr kuni 100 nafar yaralangan falastinlik bolalar va ayollar hamda ularning hamrohlari O‘zbekistonga evakuatsiya qilindi. O‘zbekistonning Qohiradagi elchisi Mansurbek Qilichevga ko‘ra, evakuatsiya qilingan falastinliklar O‘zbekistonda mehmon bo‘lib, o‘z vatanlariga qaytgunlariga qadar mamlakatdagi sharoitlardan foydalanadi.
Live
Barchasi