Falastin BMTni Isroilga bosim o‘tkazishga chaqirmoqda
Olam
−
04 may 2022
5071Falastin hukumati falastinliklarga nisbatan keskinlik va zo‘ravonlik kuchaygan bir paytda Birlashgan Millatlar Tashkilotini Isroilga bosim o‘tkazishga chaqirdi. Bu haqda “Anadolu”agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Falastin Tashqi ishlar vazirligi Isroil kuchlarining Falastin hududidagi qonunbuzarliklarini, mutaassib yahudiylarning Al-Aqso masjididagi harakatlari va masjidda Isroil bayrog‘i ostida ibodat qilishga chaqiriqlarini qoralagan.
“Isroilning Falastin yerlarini vayron qilish, zaytun daraxtlarini kesish, falastinlik cho‘ponlarga hujum qilish va Silvan shahrida sinagoga qurish kabi qonunbuzarliklar Isroilning keskinlikni oshirish hamda ishg‘olni davom ettirish borasidagi qat’iyligini aks ettiradi”, deyiladi xabarda.
Mamklakat Tashqi ishlar vazirligi bayonotida keltirilishicha, Naftali Bennet boshchiligidagi Isroil hukumati Falastin yerlarida keskinlikning kuchayishi oqibatlari uchun mas’uldir. BMT Xavfsizlik kengashi Isroilga o‘z harakatlarini to‘xtatish uchun bosim o‘tkazishi kerak.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 15 aprel kuni Quddusdagi Al-Aqso masjidida falastinliklar va Isroil politsiyasi o‘rtasida to‘qnashuv yuz berdi. Bunga Isroil politsiyasining muqaddas ziyoratgoh hududiga bostirib kirishi sabab bo‘ldi. Bu holat shundan beri har kuni takrorlanib kelmoqda.
Hozirgacha Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Yaman, Iroq, Liviya, Iordaniya va Turkiya Isroil kuchlarining Al-Aqsoga kiritganini qoralab chiqdi.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ham Falastin ma’muriyati rahbari Mahmud Abbos bilan telefon orqali muloqot qilib, Al-Aqso atrofidagi hodisalarga qarshilik ko‘rsatishini bildirdi.
Ma’lumot uchun, Quddusdagi “Al-Aqso” masjidi musulmonlarning birinchi qiblasi hisoblanadi.
Mutaassib yahudiylar ziyoratgoh shoh Sulaymon maqbarasi vayronalari o‘rnida barpo etilgan deb, masjid hududiga tez-tez bostirib kiradi.
Isroil va Iordaniya o‘rtasida 1994 yilda tuzilgan kelishuvga binoan “Al-Aqso” masjidi Quddus Islom jamg‘armalari boshqarmasi tomonidan boshqariladi.
Biroq, 2003 yildan beri yahudiylar ma’muriyat ruxsatini e’tiborga olmay, Isroilning bir tomonlama qarori bilan politsiya hamrohligida ziyoratga bostirib kirishni boshladi. Islom jamg‘armalari boshqarmasi bunday harakatlar musulmonlar suverenitetining buzilishi ekanini ta’kidlaydi.
LiveBarchasi