Faxriy bo‘lgan Inoyatov, Toshkentning yopilgan ko‘chalari, YeOIIga kirgan O‘zbekiston – yangiliklar dayjesti

Bu qiziq

image
image

Jahon yangiliklari

AQSH. Kaliforniya qirg‘oqlari yaqinidagi Grand Princess kruiz kemasi bortidagi 21 kishida koronavirus aniqlandi. Bu haqda AQSH vitse-prezidenti Mayk Pens Vashingtonda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi. Kema bortida 54 ta davlatdan bo‘lgan 3533 nafar odam bor. Ulardan 2422 nafari yo‘lovchi, 1111 nafari esa ekipaj a’zosi.

Saudiya Arabistoni. Qirollik hukumati mamlakatning avvalgi valiahd shahzodasi Muhammad bin Nayif va qirolning ukasi shahzoda Ahmadni xoinlikda ayblab, hibsga oldi.  “Wall Street Journal” gazetasi manbasining ma’lum qilishicha, endi ularni yoki umrbod qamoq jazosi kutadi yoki qatl etish.

Suriya. Kecha, 6 mart kuni mamlakat muxolif kuchlari Idlibdagi deeskalatsiya zonasida aholi punktlarini olti marta o‘qqa tutdi. Bu ish sulhdan so‘ng amalga oshirildi. 6 mart, soat 00:01 da oltita hujum qayd etildi. Qurollangan shaxslar Halab provinsiyasining Kafer-Halol, Herbet-Jezray aholi punktlarini o‘qqa tutdi, deyiladi xabarlarda.

Turkiya. Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an 9 mart kuni Bryusselga tashrif buyurishni rejalashtirmoqda. Ushbu tashrif Anqara qochqinlar uchun YeI bilan chegaralarni ochishga qaror qilgani fonida amalga oshmoqda. Suriyaning Idlib shahrida vaziyat yomonlashgandan so‘ng, Turkiya endi muhojirlar va qochqinlar oqimini to‘xtata olmasligini bildirdi va Yevropa Ittifoqi bilan chegaralarini ochdi. Chegarani ochilganidan so‘ng, minglab muhojirlar Gretsiyaga kirishga harakat qila boshladi.

Fransiya. Koronavirus tarqalishi boshlangandan beri, mamlakat shifoxonalaridan 11 mingdan ortiq tibbiy niqob va 1,4 ming shisha spirtli antiseptiklar o‘g‘irlangan. Fransiyada yuqori darajada filtrlashi isbotlangan FFP2 turidagi va jarrohlik niqoblariga talab katta. Ayni damda mamlakatda koronavirusga chalingan bemorlar soni 600 kishiga yetdi, 6 kishi vafot etdi.

Germaniya. Mamlakat kansleri Angela Merkel Ukrainaning yangi bosh vaziri Denis Shmigalni lavozimiga kirishgani bilan tabriklab, Germaniya hukumatini uni qo‘llab-quvvatlashini va’da qildi. "So‘nggi yillarda tobora rivojlanib borayotgan hamkorlik tufayli ikki tomonlama munosabatlarimiz yuqori darajaga ko‘tarildi. Germaniya sizni va hukumatingizni, ayniqsa, markazlashtirish, energiya samaradorligi, korrupsiyaga qarshi kurash va adliya sohalarida qo‘llab-quvvatlashda davom etadi", deyiladi Merkelning tabrik telegrammasida.

O‘zbekiston xabarlari

Kecha, 6 mart kuni soat 23:00 dan 17 martga qadar Temur Malik ko‘chasining Do‘rmon yo‘li ko‘chasidan Maxtumquli va Parkent ko‘chalari kesishmasigacha bo‘lgan qismi vaqtincha yopildi. Ushbu yo‘lda harakat Yashnobod tumani Parkent,  Maxtumquli va Temur Malik ko‘chalari kesishmasida uch qavatli ko‘prik qurilishi ishlari ketayotgani sababli to‘xtatilgan. Tuzel mavzesi yo‘nalishi bo‘ylab yangi qurilayotgan ko‘prik chorrahasiga kirish yo‘li ham vaqtincha yopiladi. Shu vaqt oralig‘ida ushbu yo‘nalish bo‘ylab harakatlanuvchi transport vositalari aylanma yo‘llar orqali yurishlari mumkin bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida 6 mart kuni mamlakatimizning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) bilan hamkorligi yuzasidan olib borilgan tahliliy va kompleks baholash ishlari yakuni bo‘yicha tegishli xulosa va takliflarni Oliy Majlis palatalariga kiritish masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlikning O‘zbekiston milliy iqtisodiyotiga ta’sirini kompleks o‘rganish natijasida tegishli vazirlik va idoralar tomonidan amalga oshirilishi zarur bo‘ladigan chora-tadbirlar belgilandi hamda YeOII bilan kuzatuvchi-davlat maqomida hamkorlik qilish taklifi ma’qullandi.

Sport xabarlari

O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasida O‘zbekiston tennis federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda tashkiliy masala ko‘rilib, Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki boshqaruv raisi Alisher Kudratullayevich Mirsoatov O‘zbekiston tennis federatsiyasining yangi raisi deb e’lon qilindi. Bu lavozimda avval faoliyat yuritib kelgan Rustam Rasulovich Inoyatov O‘zbekiston tennis federatsiyasining faxriy prezidenti etib saylandi.

Mutlaq jang turnirining (UFC) amaldagi chempioni Habib Nurmuhamedov an’anaviy tikilish duelida amerikalik aralash yakkakurash jangchisi (MMA) Toni Fergusonning chempionlik kamarini tepib yubordi. Ikki sportchi o‘rtasidagi jang joriy yilning 18 aprel kuni Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tadi.


Maqola muallifi

Teglar

dayjest

Baholaganlar

302

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing