Facebook va Twitter Trampning akkauntini blokladi

Olam

image

Facebook va Twitter ijtimoiy tarmoqlari ma’muriyati Donald Trampning akkauntini bloklab qo‘ydi. Bunga Trampning AQSHda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylov natijalarini tan olishdan bosh tortgani bilan bir qatorda saylovlarni qalbakilikda ayblagani va ular orqali ijtimoiy tarmoqdan foydalanish qoidalarini buzgani sabab qilib ko‘rsatilgan. Bu haqda xavfsizlik bo‘yicha Twitter rasmiy akkauntida so‘z boradi.

Trampning Facebook’dagi akkaunti 24 soatga, Twitter’dagi akkaunti esa 12 soatga bloklangan. Bundan tashqari, Twitter Prezident uchta tortishuvli tvitini olib tashlashi kerakligini ta’kidlagan. Agar takroriy qoidabuzarlik yuz bersa, Trampning akkaunti butunlay bloklanishi ma’lum qilingan.

 

Facebook Trampni postlarni o‘chirishga chaqirmagan. Biroq, tarmoq ma’muriyati tomonidan Vashingtonda zo‘ravonlik avj olishiga olib kelgan, deb topilgan videoxabarni mustaqil ravishda o‘chirib tashlagan. 

Avvalroq, Tramp AQSHdagi prezidentlik saylovlari natijalarini tan olishdan bosh tortganini tarmoqlarda bir necha bor e’lon qilgan edi. Biroq, norozilik namoyishlari avj olishi bilan u o‘z tarafdorlarini qonunni buzmaslikka, tinchlikni saqlashga chaqirgan. Ayni paytda, Vashingtonda joriy qilingan favqulodda holat Jozef Baydenning inauguratsiyasiga qadar uzaytirilgan.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 6 yanvar kuni AQSHning amaldagi Prezidenti Donald Trampning tarafdorlari mamlakat poytaxti Vashingtondagi Kapitoliy oldida namoyish qilib, Kongress binosiga bostirib kirgan edi. Oqibatda 4 kishi halok bo‘ldi, 50 dan ortiq namoyishchi hibsga olindi.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp AQShdagi to'polon

Baholaganlar

61

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing