Eynshteynning fashistlar rejasi haqida Ruzveltga yozgan maktubi auksionga qo‘yildi
Olam
−
11 Sentabr
6190Mashhur fizik olim Albert Eynshteynning AQSH sobiq prezidenti Franklin Ruzveltga fashistlar Germaniyasining yadroviy qurol yaratish tahdidi haqidagi yozgan maktubi kimoshdi savdosiga qo‘yildi. Bu haqda “Christie’s” auksion tashkiloti saytida xabar berildi.
Ma’lum bo‘lishicha, maktub 3,92 million dollarga sotilgan bo‘lib, ikki variantda yozilgan. Uning yuborilgan versiyasi Nyu-Yorkning Xayd-parkidagi Ruzvelt muzeyi va kutubxonasida saqlanadi. Kimoshdi savdosiga qo‘yilgan Eynshteyn imzosi tushirilgan qisqaroq versiya Microsoft asoschilaridan biri Pol Allenga tegishli bo‘lgan. Auksion hujjatni 4 million dollarga baholagan.
Xabarga ko‘ra, olim AQSH prezidentini fashistlar Germaniyasi yadroviy tadqiqotlar natijalaridan o‘ta kuchli bombalar yaratish uchun foydalanishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.
Ma’lumot uchun, 2021 yilda Eynshteynning mashhur E=mc2 tenglamasi bo‘lgan qo‘lyozma xati kimoshdi savdosida 1,2 million dollardan ko‘proqqa sotilgan. Kaliforniya texnologiya instituti va Quddus Ibroniy universitetining “Einstein Papers” loyihasi arxivchilariga ko‘ra, Eynshteyn o‘z qo‘li bilan yozgan tenglamaning faqat uchta nusxasi ma’lum.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHda mamlakat sobiq prezidenti Jon Kennediga qilingan suiqasddan so‘ng olingan videotasvirlar kimoshdi savdosiga qo‘yilishi xabar qilingan edi.
LiveBarchasi