Amerikadagi 500 o‘zbekistonlikdan Prezidentga maktub keldi
Jamiyat
−
17:14 762 2 daqiqa
AQSH va Kanadada yashayotgan 500 nafar o‘zbekistonlik Prezident Shavkat Mirziyoyevga murojaat yo‘llab, Yangi O‘zbekistondagi o‘zgarishlar va mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzi yuksalayotganini alohida e’tirof etdi.
Murojaatda so‘nggi yillarda davlatning ochiqligi, xorijdagi vatandoshlar bilan munosabat mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilgani, ular bilan muloqot qilish, fikrini eshitish va vatan bilan aloqalarini mustahkamlashga katta e’tibor qaratilayotgani qayd etilgan.
Ayniqsa, O‘zbekiston va AQSH munosabatlarining yangi bosqichga ko‘tarilayotgani vatandoshlarda katta umid uyg‘otayotgani ta’kidlangan. Ular Prezident Shavkat Mirziyoyevning Donald Tramp bilan bo‘lajak bevosita va ishonchli muloqoti, oliy darajadagi uchrashuvlar, shuningdek, AQSH hukumati, Kongressi va ishbilarmon doiralari bilan kengayib borayotgan hamkorlik O‘zbekiston uchun yangi imkoniyatlar ochishiga ishonch bildirgan.
“Siz olib borayotgan siyosat bizga nafaqat yangi imkoniyatlar yaratmoqda, balki zimmamizga katta mas’uliyat ham yuklamoqda. Biz xorijda yashayotgan vatandoshlar O‘zbekistonning munosib vakillari bo‘lishimiz, Vatanimizning haqiqiy qiyofasini keng jamoatchilikka yetkazishimiz kerak”, deyiladi murojaatda.
Vatandoshlar amerikalik tadbirkor va investorlarni O‘zbekistonga jalb qilish, yangi texnologiyalar, bilim va tajribalarni Vatanga olib borish, ta’limiy va madaniy aloqalarni kuchaytirishga hissa qo‘shishga tayyor ekanini bildirgan.
Murojaatda yana bir muhim fikr alohida urg‘ulangan:
“Vatanning obro‘si – bizning obro‘yimiz. O‘zbekistonning yutug‘i – bizning yutug‘imiz. O‘zbekiston bayrog‘ining dunyo maydonida baland ko‘tarilishi – har bir vatandoshimiz uchun faxr va iftixordir”.
Maktub yakunida vatandoshlar Prezident Shavkat Mirziyoyevni va O‘zbekiston xalqini yaqinlashib kelayotgan Mustaqillik bayrami bilan tabriklab, mamlakat tinchligi, xalq farovonligi va Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti yo‘lidagi islohotlarga muvaffaqiyat tilagan.
Murojaat “Vatan Global Alliance” jamiyati raisi Ozod Soliyev, O‘zbekiston xalq artistlari Erkin Malakov va Muhabbat Shamayeva, Vatan Filadelfiya jamiyati raisi Saidullo Ahmedov, Vatan Nyu-York jamiyati raisi Baxtiyor Qodirov hamda Amerikada yashayotgan 500 nafar vatandosh nomidan yo‘llangan.
Live
Barchasi