Shavkat Mirziyoyev Jorja Melonini tarixga kirgani bilan tabrikladi

Jamiyat

image

Bugun, 4 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Italiya Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Jorja Meloniga maktub yo‘lladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, davlat rahbari Jorja Melonini Italiya Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi lavozimida shu vaqtga qadar eng uzoq muddat faoliyat yuritgan Hukumat rahbari sifatida tarix sahifalaridan munosib joy olgani bilan samimiy muborakbod etgan.

Prezident ushbu natija Jorja Melonining siyosiy irodasi va qat’iyati, davlatchilik mas’uliyatini chuqur his etishiga Italiya xalqi tomonidan bildirilgan yuksak ishonchning yaqqol tasdig‘i ekanini ta’kidlagan.

Hozirgi o‘ta murakkab va tez o‘zgarayotgan sharoitda Italiyaning milliy manfaatlarini qat’iy himoya qilish, mamlakatning Yevropa Ittifoqi va xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori hamda nufuzini yanada mustahkamlash borasida Jorja Meloni olib borayotgan sa’y-harakatlar alohida e’tirof etilgan.

Prezident Italiya Hukumati rahbarining O‘zbekistonga nisbatan do‘stona munosabati va ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni izchil kengaytirishga qaratayotgan doimiy e’tibori uchun minnatdorlik bildirgan.

O‘zbekiston Italiya bilan o‘rnatilgan strategik sheriklik munosabatlarini yuksak qadrlashi ta’kidlangan. Bugungi kunda siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik, madaniy-gumanitar aloqalar tobora sermazmun tus olib, ikki tomonlama munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilayotgani mamnuniyat bilan qayd etilgan.

Maktub yakunida davlat rahbari Jorja Meloniga mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt-saodat va mas’uliyatli davlatchilik faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar, do‘st Italiya xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va bardavom ravnaq tilagan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing