Etna yana “uyg‘ondi”: Sitsiliyada parvozlar to‘xtatildi (foto)

Olam

image

Italiyaning Sitsiliya orolidagi Etna vulqonidan otilgan yangi kul havoga tarqalishi ortidan Kataniya aeroportida parvozlar to‘xtatildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, kecha, 12 avgust kuni Etna vulqonidan kul otilishi Sharqiy Sitsiliya havo hududida harakatlanishga cheklovlar joriy etilishiga sabab bo‘lgan. Shu bois Kataniya aeroportidagi parvozlar to‘xtatilgan.

Vulqon kulining ta’siri Sitsiliya bilan cheklanib qolmagan. Kul Janubiy Italiya tomondan O‘rta yer dengizi bo‘ylab janubga tarqalishi oqibatida qo‘shni Maltada ham ayrim reyslar bekor qilingan va sezilarli kechikishlar kuzatilgan.

Etna vulqoni Yevropadagi eng baland va eng faol vulqonlardan biri hisoblanadi. Uning faollashishi Sitsiliyaning asosiy havo darvozasi bo‘lgan Kataniya aeroporti ishiga tez-tez ta’sir ko‘rsatadi. Kataniya aeroporti yo‘lovchilar oqimi bo‘yicha Italiyadagi beshinchi eng gavjum aeroport hisoblanadi.

Vulqon faolligi va shamol yo‘nalishining o‘zgarishi sababli Sharqiy Sitsiliyada aviaqatnovlar bilan bog‘liq muammolar o‘tgan haftadan beri davom etmoqda.

Shuningdek, Kataniya aeroportidagi cheklovlar Sitsiliyaning boshqa aeroportlariga ham qo‘shimcha yuklama tushirgan. Palermo meri Roberto Lagalla so‘nggi kunlarda shahar aeroporti Kataniyaga rejalashtirilgan 190 ta reysni qabul qilgani yoki ularni amalga oshirishga xizmat qilganini ma’lum qilgan.

Kataniyadan boshqa aeroportlarga yo‘naltirilgan ayrim yo‘lovchilar esa avtobus va taksilarga talab keskin oshgani sabab transport masalasida yetarli yordam ko‘rsatilmaganidan shikoyat qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Indoneziyadagi Dukono vulqoni otilishi oqibatida uch sayyoh halok bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing