Estoniya Rossiya bilan chegarada 40 km xandaq qaziydi

Olam

image

Estoniya-Rossiya chegarasida mudofaa inshootlarini qurish boshlandi. Xususan, 40 kilometrli tankka qarshi xandaq qazilmoqda. Bu haqda kecha, 16 sentyabr kuni ERR telekanali xabar berdi.

Telekanal ma’lumotiga ko‘ra, Setomaa volostining janubi-sharqidagi Vinski qishlog‘ida yarim kilometr uzunlikdagi tankka qarshi xandaq qazilgan. 2027 yilga qadar hukumat taxminan 40 kilometr uzunlikda xandaq qazishni rejalashtirgan.

“Bizda shimoli-sharqda Narva daryosi va sharqda Chudskoye ko‘li ko‘rinishida yaxshi tabiiy to‘siq bor. Janubi-sharqda esa dushmanni to‘xtatish uchun 40 kilometr tankka qarshi xandaqlar qazish rejalashtirilgan. Ya’ni, butun chegara bo‘ylab zarur joylarda. Botqoqli hududlarda bunga hojat yo‘q, chunki u yerlarga texnika bora olmaydi”, deydi Estoniya Mudofaa kuchlari Bosh shtabi muhandis-inspektori Aynar Afanasev.

Uning bildirishicha, shuningdek, 600 ta bunker o‘rnatilishi ham rejalashtirilgan. Estoniyaning sharqiy chegarasidagi himoya chizig‘i uzunligi 100 km, kengligi esa 40 km bo‘lishi kerak.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning aprel oyida Estoniya Mudofaa kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i, general-mayor Vaxur Karus mamlakat Rossiya chegarasiga yaqin joylashgan Narva shahrida harbiy baza barpo etishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgan edi. Bazada 200-250 nafar estoniyalik harbiy xizmatchi va mamlakatning ittifoqchilaridan iborat bo‘linmalar joylashtirilishi kutilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya chegara Estoniya xandaq Estoniya-Rossiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing