Estoniya Bosh vaziri NATO va Rossiya o‘rtasida urush bo‘lishini bashorat qildi
Olam
−
16 yanvar
6883Estoniya Bosh vaziri Kaya Kallas Rossiya 3-5 yil ichida yana NATO davlatlarining sharqiy qanotiga jiddiy tahdid solishini aytdi. Bu haqda u “The Times” gazetasiga bergan intervyusida so‘z ochdi.
"Bizning razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, buning uchun uch yildan besh yilgacha vaqt kerak bo‘ladi. Bu ko‘p jihatdan birdamligimizga va Ukraina bo‘yicha pozitsiyamizni qanday saqlab qolishimizga bog‘liq", deydi Kallas.
Uning aytishicha, Estoniya Tashqi razvedka xizmati hisobotida Rossiya Boltiqbo‘yi mamlakatlarini blokning “eng zaif qismi” deb hisoblashi va ularga qarshi dushmanona harakatlar qilishi ehtimoli yuqori ekani bayon qilingan.
"Boltiqbo‘yi mamlakatlari nuqtai nazaridan, Rossiya hali ham bizning mintaqamizga haqiqiy harbiy bosim o‘tkazish uchun yetarli kuchga ega", deydi Bosh vazir.
Shu munosabat bilan, u NATOni Sovuq urush uslubidagi Rossiyani "ushlab turish" strategiyasini qabul qilishga chaqirdi. Shimoliy Atlantika alyansi bu borada duch kelishi mumkin bo‘lgan muammolar qatorida Estoniya Bosh vaziri qurol-yarog‘ taqchilligi va ko‘p sonli qo‘shinni jadallik bilan front chizig‘iga joylashtirish qiyinligini keltirdi.
Shuningdek, Kallas G‘arb davlatlaridan Rossiyaga hal qiluvchi zarba berish uchun Ukrainaga harbiy yordamni ikki baravar oshirishni talab qildi. Uning fikricha, bu Rossiyaning hududiy ambitsiyalarini orqaga suradi.
“Estoniya xalqi g‘alabagacha Ukrainani qo‘llab-quvvatlaydi. Bu barchamiz uchun juda muhim”, deya ta’kidladi Bosh vazir.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq “Bild” nashri Germaniya Qurolli kuchlarining yashirin hujjatiga tayanib, 2025 yilning yozida NATO va Rossiya o‘rtasidagi urush boshlanishini prognoz qilgandi. NATO strategik aloqalar markazi direktori Yanis Sarts esa “Bild”ning maqolasida alyans imkoniyatlarini sinab ko‘rish uchun “xayoliy vaziyat” bilan mashg‘ulotlar ssenariysi tasvirlanganini ma’lum qildi.
LiveBarchasi