Eski mashinasini utilizatsiyaga bermaganlar katta jarima to‘lashi mumkin

Jamiyat

image

Endi O‘zbekistonda eski mashinasini utilizatsiya qilishga topshirmaganlar bazaviy hisoblash miqdorining 30 barobari miqdorida jarima to‘lashi mumkin. Bu haqda Chiqindilarni boshqarish agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonda ekspluatatsiya muddati o‘tgan avtomashinalar sotib olinib, utilizatsiya qilinadigan tizim yaratiladi. Unga ko‘ra, ishlab chiqarilganiga 30 yil va undan ortiq bo‘lgan avtotransport vositalari egalaridan bozor narxida baholanib, xarid qilinadi va utilizatsiya qilish uchun yuboriladi.

Avtotransport egalari bilan turli shakllarda hisob-kitob qilinishi mumkin. Masalan, yangi avtomobilning boshlang‘ich to‘lovi uchun elektron vaucher taqdim etiladi yoki vaucher pulga aylantirib beriladi.

Iste’molchi elektron vaucherlar yordamida O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan yangi avtomobillarni imtiyozli shartlarda sotib olishi mumkin bo‘ladi. Bunda elektron vaucherda ko‘rsatilgan mablag‘lar miqdorida chegirma beriladi, iste’molchi to‘lovning qolgan qismini bir yildan ortiq muddatda bo‘lib to‘lashi mumkin.

Eski avtomashinasini o‘z vaqtida utilizatsiyaga topshirmagan fuqarolar yiliga bir marotaba bazaviy hisoblash miqdorining 30 barobari miqdorida ekologik kompensatsiya to‘laydi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda dunyoning 60 dan ortiq davlatida eskirgan avtomobillarni utilizatsiya qilish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, Fransiya, Xitoy, Yaponiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, AQSH, Niderlandiya, Rossiya va boshqa mamlakatlarda har yili millionlab muddati o‘tgan transport vositalari utilizatsiyaga topshiriladi. 2000 yildan keyin Yevropa davlatlarida utilizatsiyadan keng foydalanila boshlangan. Jumladan, Fransiyada 2002 yilda eski avtomobillarni yangi va ekologik toza transport vositalariga almashtirishni rag‘batlantiruvchi keng ko‘lamli davlat dasturi joriy etilgan. Ushbu dastur doirasida eski avtomobilini topshirib, yangi avtomobil xarid qilgan fuqarolarga subsidiyalar ajratilgan. Germaniyada esa 2009 yilda “Abwrackprämie” (“Utilizatsiya uchun mukofot”) dasturi ishga tushirilgan. Dasturga ko‘ra, ishlab chiqarilganiga 9 yildan oshgan eski avtomobilini utilizatsiyaga topshirib, yangi avtomobil sotib olgan fuqarolar rag‘batlantirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda eski transport vositalarini yangisiga almashtirish yoki ularga filtr o‘rnatish uchun davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rilishi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

utilizatsiya eski mashina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing