“Monopoliyaning akasi korrupsiya”. Utilizatsiya masalasida kim nima demoqda?

Tahlil

image

1 maydan e’tiboran chetdan import qilinadigan har bir elektromobil uchun olinadigan utilizatsiya to‘lovlari qimmatlaydi. Vazirlar Mahkamasi tomonidan “mixlangan” bu “Elektrodvigateliga ega bo‘lgan transport vositalari akkumulyator batareyalarini utilizatsiya qilish infratuzilmasini tashkil etish ishlarini moliyalashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror jamoatchilik orasida keskin muhokama bo‘lmoqda. Utilizatsiya narxlarining birdaniga oshirilishi, O‘zbekiston yaqinda minishni boshlagan va ekologiyaga ancha foyda keltiradigan elektromobillar bozoriga keskin ta’sir qilishi aytilmoqda.

Bu masala bo‘yicha jamoatchilik faollari, blogerlar ham jim turgani yo‘q. Narx ham oshar, tadbirkorlar shu pullarni to‘lar ham, lekin O‘zbekistonda utilizatsiya qilish uchun sharoit, elektromobillar uchun avtomobillar qabristoni bormi, 2020 yildan buyon yig‘ilayotgan utilizatsiya pullarini kim qayerga ishlatyapti va barcha to‘lovlardan ozod qilingan BYD Uzbekistan ishlab chiqargan elektromobillar batareyalari ekologiyaga zahar tarqatmaydimi, degan savollar bisyor. 

Qarorga ko‘ra, 2025 yil 1 maydan boshlab import qilinadigan elektromobillar uchun utilizatsiya yig‘imi transport vositasi ishlab chiqarilgan yiliga qarab 45 mln so‘mdan 78,5 mln so‘mgacha bo‘ladi.

Shu vaqtgacha ishlab chiqarilganiga 3 yildan oshmagan elektromobillarni olib kirgan tadbirkor utilizatsiya yig‘imi uchun 11 mln 250 ming so‘m pul to‘lagan bo‘lsa, endi 45 mln so‘m pul to‘laydi.

Ishlab chiqarilganiga 3 yildan oshgan elektromobillar uchun avvalgi to‘lov summasi 33 mln 750 ming so‘m bo‘lgan bo‘lsa, endi 78 mln 750 ming bo‘ladi.

Bu borada ko‘pchilik tomonidan yangrayotgan e’tiroz esa BYD Uzbekistanʼga berilgan imtiyozlar. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Elektromobillar ishlab chiqarishni tashkil etishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari” to‘g‘risidagi 2022 yil 19 dekabrdagi qarori bilan 2030 yil 1 yanvarga qadar: respublikada ishlab chiqarilgan elektromobillar va gibrid avtomobillar utilizatsiya yig‘imidan va xorijdan olib kelinadigan butlovchi qismlar uchun bojxona bojidan ozod etilgan.

Iqtisodchi Otabek Bakirov ayni shu masalada eng keskin fikr bildirganlardan bo‘ldi. U Telegram kanalida post qoldirib, Elektromobillar uchun utilizatsiya yig‘imi 4 karra oshganini, gaz yo‘qligi va benzin taqchilligi fonida oxirgi ilinj hisoblangan elektromobillar bilan bog‘liq ikkiyuzlamachi va zararkunanda harakat deb atab, 2024 yilda boshlangan notarif cheklovlarga navbatdagi o‘lpon-tovon qo‘shilmoqda, deb yozgan. Shuningdek, u narxlarning oshishi bir necha yildan beri turli to‘lovlardan ozod etilgan BYD Uzbekistan uchun navbatdagi sovg‘a bo‘lganini qo‘shimcha qilgan.

“Nima deb oqlashlaridan qat’i nazar, utilizatsiya yig‘imlarining 4 karra oshirilishi O‘zbekistonda elektromobil olib kelib sotuvchi chayqovchiga aylangan (laqabi mahalliylashtiruvchi) BYD Uzbekistan manfaatlariga ishlaydi.

BYD Uzbekistan Factory va BYD Central Asia maxsus imtiyozga ega, ular elektromobillar sotuvida utilizatsiya yig‘imidan ozod qilingan. (Yana bir chayqovchi monopolist, BYD Uzbekistan bilan ota bir, ona bo‘lak UzAuto Motors ham yashirin qarorlar bilan utilizatsiya yig‘imini to‘lamasligini ko‘pchilik bilsa kerak).

JSTga kirish e’lon qilingan va jarayon eng yuqori siyosiy darajada faollashtirilgan bir vaqtda g‘irt ikkiyuzlamachi qadam, qanaqadir tor to‘dalar uchun butun bir mamlakatning strategik tanlovi va imijini so‘roq ostiga qo‘yish bu”, degan iqtisodchi.

Advokat Kamoliddin Abdumalikovich bu masalaga o‘z fikrlarini bildirar ekan, shunday post qoldirgan:

“Butun dunyo elektromobillarga o‘tishni qo‘llab-quvvatlayotgan bir vaqtda, elektromobillarga o‘tish uchun odamlarga subsidiya ajratayotgan bir vaqtda, bizda elektromobillarni minish yana ham qiyinlashtirilyapti. Elektromobillar yana ham uzoqlashtirilyapti iste’molchidan, yetmish sakkiz milliongacha oshirilyapti. Men 2020 va 2021 yilda bergan savolimni hozir ham beraman. Utilizatsiya bormi o‘zi O‘zbekistonda? Qayerda utilizatsiya bo‘lyapti mashinalar? Shu vaqtgacha utilizatsiya yig‘imi uchun yig‘ilgan pullar nimaga sarflanyapti? Yo‘q, utilizatsiya uchun yildan yilga stavkalar oshyapti-ku, ammo utilizatsiyani o‘zini ko‘rganimiz yo‘q”, degan advokat.

Bloger Umid G‘afurov esa tepadagi, o‘rtadagi va pastdagi amaldorlarga yuzlanib, utilizatsiya yig‘imi joriy qilinganidan buyon O‘zbekistonga 231 mingdan ortiq avtomobil import qilingani va undan yig‘ilgan pullar qayerga ketganini so‘ragan.

“Hurmatli tepadagilar, o‘rtadagilar yoki pastdagilar, xullas, mana shu savollarimga kim javob bersa, o‘shalar.

Birinchi savolim: mana shu pullar qani, qayerga yo‘naltirildi yoki yo‘naltiriladi? Chunki bugungi kungacha avtomobillar utilizatsiyasi nari tursin, batareyalarni ham utilizatsiya qilib bo‘lmaydi, chunki utilizatsiya poligonlari yo‘q.

Ikkinchi savol: deylik, men elektromobilim uchun utilizatsiya pulini to‘ladim. Hozir utilizatsiya qilmoqchiman. Qanday qilib utilizatsiya qilaman?

Uchinchi savol: O‘zbekistondagi temir tog‘oralarning asosiy ishlab chiqaruvchisi bizda eng erkatoy bo‘lgan UzAuto Motors 2020 yildan buyon bugunga qadar 1 mln 600 mingdan ortiq avtomobil ishlab chiqargan. Agar o‘sha avtomobillar uchun kamida 700 dollardan utilizatsiya uchun pul to‘laganida bir milliard dollardan ortiq pul bo‘lar edi.

Ular to‘lamaydi. Nafaqat ular, balki barcha O‘zbekistonda shunchaki to‘rtta ballon taqib qo‘yadiganlar ham ishlab chiqarish qilyapmiz deb utilizatsion yig‘imni to‘lamaydi. Bojxona to‘lovlarini to‘lamaydi. Erkatoylar xullas. Mana shu mashinalarning utilizatsiyasi uchun kim pul to‘laydi?”, degan bloger.

Pul masalasida gap ketganda iqtisodchi Bakirovning savollari ham o‘rinli. U ham 5 yildan beri undirilayotgan utilizatsiya yig‘imi kimning cho‘ntagiga ketayotganiga qiziqqan. 

“5 yildan beri undirilayotgan utilizatsiya yig‘imi qayerga ketyapti? Buni hech kim bilmaydi. Importni cheklash uchun 2020 yilda joriy qilingan utilizatsiya yig‘imi qayerga, qaysi cho‘ntakka tushyapti, kim taqsimlayapti, nimaga ishlatilyapti, hech kim bilmaydi.

Byudjetda utilizatsiya yig‘imidan tushumlar ham, xarajatlar ham biror marta ochiqlanmagan. Xalq tugul, parlament oldida ham. Ya’ni bu utilizatsiya yig‘imi soliq emas (soliqlarni parlament joriy qiladi), qip-qizil o‘lpon.

Buyam mayli. Kulgilisi, utilizatsiya yig‘imini 4 karra oshirish to‘g‘risidagi qaror ijrosi JSTga kirish uchun mas’ul bo‘lgan Xo‘jayevga topshirilgan.

Xo‘jayev JSTga kirish bo‘yicha muzokaralarda importni cheklash uchun utilizatsiya yig‘imi joriy qilingani, karrasiga oshirilgani, lekin mahalliy cho‘ntak chayqovchilar uchun darcha va yashirin qarorlar bilan imtiyoz berilganini qanday tushuntirarkan? Yo JSTga kirishni to‘xtatib turamizmi?”, degan Otabek Bakirov.

Advokat Bektosh Xatamov mazkur masalaga fikrlarini bildirar ekan, gapni monopoliyaning akasi korrupsiya deb boshlagan. 

“O‘zbekistonda ishlab chiqarilmagan elektromobillardan utilizatsiya yig‘imi yanada oshiriladi. Oldin Xitoydan bitta marka kirib kelishni boshladi, qarasa, odamlar olyapti, bizning “shustriy” monopolistlar shartta bitta yig‘uvchi zavod ochdi va o‘sha markani shu zavodda yig‘ishni boshladi, aslida o‘zi yig‘ilgan kelsa kerak.

Keyin u markadan boshqa markalar ham kirib kela boshladi, nisbatan arzon, kompakt va qulayroq. Qarasa, odamlar ularni ham olyapti, sekin utilizatsiya yig‘imi degan narsani qo‘shib qo‘ydi, lekin O‘zbekistonda ishlab chiqarilganlarga to‘lamaydi degan joyini ham qo‘shdi. 

Qarasa, baribir odamlar boshqa elektromobillarni olishyapti, shartta borib “aka”ga aytib berdi, shu bilan utilizatsiya yig‘imi ko‘tarilib qo‘yildi. Men shu bir narsaga o‘rganib qolganman: qaysi qarorni o‘qisam, nomiga e’tibor beraman, biror bir sohani yanada rivojlantirish qo‘shimcha chora-tadbirlari desa, demak bilavering, soqqaning hidi kelmoqda”, degan Bektosh Xatamov.

Advokat Xayrulla Qosimov esa Vazirlar Mahkamasi qarorining adolatli ekaniga shubha bildirmoqda. 

“Ushbu qaror adolatliligi borasida bir qator savollarni keltirib chiqarmoqda. Chunki Konstitutsiyamizning 63-moddasiga ko‘ra soliq va yig‘imlar adolatli bo‘lishi hamda fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishiga to‘sqinlik qilmasligi kerak.

Yig‘im adolatli bo‘lishi uchun elektromobil xizmatini qilib bo‘lib, chiqindiga aylangandan keyin uning qanday zararli ta’siri borligi va shu ta’sirdan ekologiyani himoya qilish uchun haqiqatan ham 45 milliondan 78 million so‘mgacha mablag‘ ketishi asoslantirilishi kerak. Masalan, shaxsan o‘zim elektromobilni utilizatsiya qilish uchun shuncha mablag‘ ketishiga ishonmayman.

Shu o‘rinda yana bir savol tug‘iladi. Xo‘p, utilizatsiya yig‘imini joriy qilishdan maqsad, elektromobillar chiqindiga aylangandan keyin yuzaga keladigan zararli ta’sirdan himoya qilish bo‘lsa, O‘zbekistondagi ishlab chiqaruvchilar ishlab chiqargan yoki ular olib kiradigan elektromobillar chiqindiga aylangandan keyin ularning zararli ta’siri bo‘lmaydimi?! 

Agar zararli ta’sir paydo bo‘lishi uni olib kirayotgan shaxsga bog‘liq bo‘lmasa, bu yig‘imni kimgadir qo‘llab, kimgadir imtiyoz berish adolatsizlikdan boshqa narsa emas”, degan advokat.


Maqola muallifi

Teglar

utilizatsiya elektromobil'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing