“Eski do‘stlar”. Putin va Si Pekinda nimalarni gaplashdi?
Olam
−
14:26 1524 4 daqiqa
Bugun, 20 may kuni Pekinda Xitoy Raisi Si Szinpin va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Muzokaralarning birinchi qismi Tyananmen maydonidagi Xalq yig‘inlari saroyida tor doirada o‘tkazildi va taxminan bir yarim soat davom etdi. Bu haqda Kreml xabar berdi.
“Janob Prezident Putin, eski do‘stim, sizni Xitoydagi rasmiy tashrifingiz bilan qutlayman. Uzoq yillar davomida biz siz bilan yaqin aloqalarni saqlab kelmoqdamiz, birgalikda yangi davrda Xitoy–Rossiya munosabatlari, keng qamrovli sheriklik va strategik hamkorlikni mustahkamlash hamda samarali rivojlantirish yo‘nalishlarini belgilab kelyapmiz”, deydi Si Szinpin o‘z nutqining avvalida.
Xitoy rahbarining ta’kidlashicha, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro hurmat, adolat va manfaatli hamkorlik asosida qurilmoqda va bu murakkab dunyoda barqarorlik hamda uzviylikni ta’minlamoqda. Uning eslatishicha, 2026 yilda Xitoy va Rossiya o‘rtasidagi sheriklik va strategik hamkorlik o‘rnatilganiga 30 yil, “Qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risida”gi shartnoma imzolanganiga esa 25 yil to‘ladi.
“Xitoy–Rossiya munosabatlari bosqichma-bosqich bugungi yuqori darajaga chiqdi. Bu siyosiy o‘zaro ishonchni chuqurlashtirish, strategik hamkorlikni mustahkamlash, keng ko‘lamli hamkorlikni rivojlantirish va xalqaro adolatni himoya qilish yo‘lidagi qat’iy iroda tufayli amalga oshdi”, deb aytgan Si.
Uning so‘zlariga ko‘ra, xalqaro vaziyat murakkablashib, bir tomonlama yondashuv va ustunlikka intilish kuchaygan bo‘lsa-da, tinchlik va hamkorlikka intilish xalqlarning asosiy xohishi bo‘lib qolgan. Si Szinpin Xitoy va Rossiya Birlashgan Millatlar Tashkilotining doimiy a’zolari sifatida yanada adolatli va oqilona global boshqaruv tizimini barpo etishi kerakligini ta’kidlagan.
Putin esa nutqini xitoy maqoli bilan boshlagan.
“Bir kun ko‘rishmasang, go‘yo uch kuz o‘tgandek bo‘ladi. Biz haqiqatan ham sizni ko‘rganimizdan juda xursandmiz. Biz doim bir-birimiz bilan aloqada bo‘lib turamiz – shaxsan ham, yordamchilarimiz orqali ham. O‘tgan yili shu yerda Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 80 yilligini birgalikda nishonlaganimiz yaxshi esimizda”, deydi Rossiya Prezidenti.
Putin ham “Qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik shartnomasi”ning 25 yilligini tilga olgan va Rossiya hamda Xitoy munosabatlari “misli ko‘rilmagan darajada yuqori bosqichga” chiqqanini aytgan.
“Bejiz delegatsiyamizning asosiy qismini Rossiya hukumati a’zolari, biznes rahbarlari va jamoatchilik hamda ta’lim tashkilotlari vakillari tashkil etmayapti”, deb ta’kidlagan u.
Rossiya Prezidenti tor doiradagi muzokaralarda iqtisodiy mavzular muhokama qilinishini bildirgan. Uning aytishicha, 25 yil ichida Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi savdo aylanmasi 30 baravardan ziyod o‘sgan va bir necha yildan beri 200 milliard dollardan oshib kelmoqda. Putinga ko‘ra, hamkorlikning asosiy harakatlantiruvchi kuchi energetika sohasi bo‘lib qolmoqda.
“Yaqin Sharqdagi inqiroz sharoitida Rossiya hali ham ishonchli resurs yetkazib beruvchi, Xitoy esa ushbu resurslarning mas’uliyatli iste’molchisi bo‘lib qolmoqda”, degan Putin.
Rossiya yetakchisi sanoat, qishloq xo‘jaligi, transport va yuqori texnologiyalar sohasidagi qo‘shma loyihalarni ustuvor vazifalar qatoriga kiritgan. Shuningdek, u turizm sohasi va 2025 yilda joriy etilgan o‘zaro vizasiz tartibni alohida ta’kidlab, bu amaliyot davom ettirilishini aytgan.
Putin ham Si Szinpin kabi Rossiya va Xitoy tashqi siyosiy hamkorligini dunyodagi asosiy barqarorlashtiruvchi omillardan biri deb atagan. Uning fikricha, ko‘p markazli dunyo shakllanishi jarayonida Moskva va Pekin madaniy va sivilizatsion xilma-xillikni hamda davlatlarning mustaqil rivojlanish huquqini himoya qilmoqda.
Si Szinpin murakkab xalqaro vaziyat sharoitida Xitoy va Rossiya tenglik hamda o‘zaro hurmat tamoyillari asosida keng qamrovli sheriklik va strategik hamkorlik munosabatlarini rivojlantirayotganini bildirgan. U siyosiy o‘zaro ishonchning chuqurlashishi, savdo, iqtisodiyot, sarmoya, energetika, fan va texnika sohalarida hamkorlik kuchayganini ta’kidlagan.
“Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar yanada samarali va tez rivojlanishning yangi bosqichiga chiqdi. Xitoy–Rossiya munosabatlarini uzoq muddatli, barqaror va yuqori sifatli rivojlantirish – bu men va Prezident Putin tomonidan ikki mamlakat manfaatlari hamda global taraqqiyot yo‘nalishlaridan kelib chiqqan holda qabul qilingan strategik tanlovdir”, – deb aytgan Si o‘z nutqida.
Xitoy rahbari tomonlar “Qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risida”gi shartnomani uzaytirishni ma’qullaganini hamda erishilgan kelishuvlarni to‘liq amalga oshirish niyatida ekanini aytgan.
Putin Si Szinpinga va “barcha xitoylik do‘stlarga” taklif hamda mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, avvalgi tor doiradagi muzokaralar mazmunli va an’anaviy do‘stona ruhda o‘tgan. Prezident Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi keng qamrovli sheriklik hamda strategik hamkorlikni zamonaviy dunyoda davlatlararo munosabatlarning namunasi deb atagan.
“Qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi asosiy shartnoma imzolanganidan buyon o‘tgan 25 yil ichida Rossiya–Xitoy hamkorligi sezilarli darajada kengaydi”, degan Rossiya rahbari.
Nutqi yakunida Putin Si Szinpinni 2027 yilda Rossiyaga tashrif bilan borishga taklif qilgan. Shundan so‘ng muzokaralar kengaytirilgan tarkibda davom etgan va ikki mamlakat delegatsiyalari ham uchrashuvga qo‘shilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Prezidenti Putin va Xitoy Raisi Si Szinpin o‘rtasida tashrif doirasidagi muzokaralar boshlangani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi