Ertaga YeI uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega sammit bo‘ladi – Makron
Olam
−
13 dekabr 2023
8925Ertaga, 14 dekabr kuni Yevropa Ittifoqi davlatlari Bryusseldagi sammitda yangi davlatlarni o‘z hamjamiyatiga qabul qilish istiqbollarini muhokama qilishni rejalashtirmoqda. Bu Ukraina, Moldova, Gruziya va G‘arbiy Bolqon mamlakatlari uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi. Bu haqda Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bugun, 13 dekabr kuni Sloveniya Bosh vaziri Robert Golob bilan uchrashuvdan oldin aytib o‘tdi.
"Biz Bryusselda bo‘lib o‘tadigan YeI sammitini va xususan, hamjamiyatni kengaytirish masalasini muhokama qilamiz. Bizda Yevropa Komissiyasining a’zolikka nomzod bo‘lgan davlatlar bo‘yicha tavsiyasi bor. Ukraina, Gruziya, Moldova va G‘arbiy Bolqonning barcha mamlakatlari bo‘yicha qaror qabul qilishimiz kerak. Ertaga bo‘lib o‘tadigan muhokamalar hal qiluvchi bo‘ladi”, degan Makron.
Shuningdek, u Fransiya va Sloveniya “Ukrainani harbiy, iqtisodiy, diplomatik va gumanitar jihatdan zarur bo‘lgan vaqtgacha qo‘llab-quvvatlashga sodiqligini” qo‘shimcha qilgan.
Makronning qayd etishicha, ertangi muhokamalar Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlari uchun ham hal qiluvchi ahamiyatga ega, chunki unda hamjamiyatni isloh qilish masalasi ko‘rib chiqiladi.
Shu nuqtai nazardan, u 2022 yilda Fransiya tashabbusi bilan tuzilgan Yevropa siyosiy hamjamiyatining formatini yanada rivojlantirish zarurligini ta’kidlagan.
Taxminlarga ko‘ra, ushbu formatda ishtirok etish Bryussel o‘z orbitasiga chiqishga intilayotgan, ammo YeIga qo‘shilish imkoniyati bilan motivatsiya berishga tayyor bo‘lmagan davlatlar uchun Yevropa Ittifoqiga a’zolik istiqbolini almashtiradi.
“To‘g‘ri, Yevropa Ittifoqi yetakchilarining bo‘lajak uchrashuvi qiyin bo‘ladi, lekin jamiyat kelajagi uchun, xususan, kengayish nuqtai nazaridan bu juda muhim. Agar biz bu kengayish samarali bo‘lishini istasak, ichki islohotlarni, jumladan, kengayish tartib-qoidalarini va Yevropa Ittifoqi doirasida qarorlar qabul qilishni amalga oshirishimiz kerak”, degan Golob.
Ma’lumot uchun, Yevroparlament Strasburgdagi yalpi majlisda Yevropa Ittifoqi yetakchilarini 14-15 dekabr kunlari Bryusselda bo‘lib o‘tadigan sammitda Ukraina, Moldova va Bosniya va Gersegovinaning a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralarni ochishni qo‘llab-quvvatlashga chaqiruvchi rezolyutsiya qabul qilgan. Yevroparlament deputatlari ham Gruziyaga rasmiy nomzod maqomini berish tarafdori, ammo buning uchun ma’lum choralar ko‘rilishi sharti bilan chiqdi.
LiveBarchasi