Erdo‘g‘an Shols uchun “syurpriz” tayyorlagan – OAV
Olam
−
16 noyabr 2023
9489Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ertaga, 17 noyabr kuni Berlinda Germaniya kansleri Olaf Shols bilan uchrashuvi chog‘ida Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lish haqidagi arizasini ratifikatsiya qilishga tayyorligini ma’lum qilishi mumkin. Bu haqda “Euractiv” portali xabar berdi.
Qayd etilishicha, Turkiya parlamentining Tashqi ishlar qo‘mitasi bugun, 16 noyabr kuni Shvetsiyaning Shimoliy Atlantika alyansiga qo‘shilish haqidagi arizasini ma’qullash to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin. Shundan so‘ng Turkiya parlamentida ratifikatsiya juda tez o‘tishi kutilmoqda. Portal Turkiya Respublikasi rahbari Berlinga tashrifi chog‘ida Germaniya kansleriga “xushxabar yetkazishni” rejalashtirayotganini prognoz qilmoqda.
Biroq Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishini tasdiqlamagan yana bir alyans a’zosi Vengriyada bunday yangiliklar hozircha yo‘q. Vengriya parlamenti a’zosi Agnes Vadayning aytishicha, Budapesht Shvetsiyaning NATOga arizasini ratifikatsiya qilishga hali tayyor emas, bu masala parlamentning kelasi haftada boshlanadigan sessiyasi kun tartibiga kiritilmaydi.
Qayd etish joizki, Shvetsiyaning NATOga kirishi haqidagi protokol hozircha alyansning 31 davlati tomonidan ratifikatsiya qilingan, faqat Turkiya va Vengriya uni tasdiqlamagan. Turkiya va Shvetsiya o‘rtasida iyul oyida Vilnyusda bo‘lib o‘tgan alyans sammiti oldidan Anqara tomonidan ushbu hujjatni tezroq ratifikatsiya qilish to‘g‘risida kelishuvga erishilgan edi, biroq Turkiya tomoni arizani ma’qullash uchun bir qator shartlarni, jumladan, terrorizmga qarshi kurashda hamkorlikni hamda Yevropa Ittifoqi bilan iqtisodiy va viza integratsiyasini tezlashtirishni ilgari surdi.
Ma’lumot uchun, Germaniya kansleri Olaf Shols ertaga, 17 noyabr kuni Berlinda Erdo‘g‘an bilan uchrashadi. Turkiya rahbari Germaniya Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer bilan ham uchrashadi.
LiveBarchasi