Eronning Isroilga halokatli javobi yaqinmi?
Tahlil
−
04 noyabr
66951 oktyabr tunida Erondan qasos sifatida Isroilga uchirilgan 400 dan ortiq raketalar mojarosi hali ham yopilmadi. 31 iyul kuni Tehronda HAMAS rahbari Ismoil Xoniyaning o‘ldirilishiga nisbatan xun olish va’dasi fors yetakchilari tomonidan juda uzoq paysalga solindi. Mazkur voqeadan roppa-rosa ikki oy o‘tib, “Hizbulloh” Bosh kotibi Hasan Nasrulloh va eronlik yuqori martabali generali Abbos Nilforushanning Isroil kuchlari tomonidan halok etilishi Oyatulloh oldida qasos olishdan boshqa chora qoldirmadi. Shu sababli 1 oktyabr kunida Isroil insoniyat tarixidagi eng yirik ballistik raketa hujumiga duchor bo‘ldi. Voqeadan ko‘p o‘tmay, yahudiy davlati Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va boshqa bir qator rasmiylar Eronga qarshi misli ko‘rilmagan javob qaytarilishini va’da qildi. Shu kundan boshlab, endi qasos olish haqidagi va’da va uni paysalga solish navbati Isroilga yetdi. Tez va halokatli bo‘lishi aytilgan rasmiy Tel-Avivning qasos zarbasi mana 25 kun davomida amalga oshirilmadi. AQSHning ruxsatisiz jiddiy qadamlar tashlashga jur’at eta olmaydigan Isroil bugungi kunga kelib, Netanyaxu boshchiligida ancha o‘zboshimcha bo‘lib qolgan bo‘lsa-da, Eronga javob berish borasida mustaqil qaror qabul qilishdan uzoq muddatga tiyildi.
1 oktyabr kungi hujum uchun berilishi kutilgan javob ham ko‘p ehtimol shu omil tufayli cho‘zilib ketdi. Chunki Isroil va AQSH o‘rtasida mazkur masala yuzasidan olib borilgan maxfiy harakatlar rejasiga aloqador hujjatlarning ommaga sizib chiqishi oqibatida hujum kechiktirilgani aytilgandi. 20 oktyabr kuni AQSHning CNN telekanali ehtimoliy javob zarbasi haqidagi 15-16 oktyabrdagi hujjatlar sizib chiqqanligi bo‘yicha tergov olib borilayotgani haqida xabar qildi. Ular 18 oktyabr kuni “Middle East Operator”deb nomlangan Telegram akkaunti tomonidan e’lon qilinganidan keyin yashin tezligida tarqala boshlagan. Hujjatlarning sizib chiqishi tufayli hujum strategiyasining ayrim elementlari va tarkibiy qismlarini o‘zgartirish zarurati tug‘ilgan. Shuning uchun javob zarbasi kechiktirilgani va Isroil endi boshqa muqobil hujum rejasi ustida ishlashni boshlagani aytildi.
Voqealar rivoji shu tariqa o‘zgargach, Isroil xavfsizlik va boshqa bir qator sabablar tufayli AQSH bilan ikki o‘rtadagi ma’lumotlar almashinuvini to‘xtatgani haqida ham xabarlar tarqaldi. Isroil Erondan qay tarzda o‘ch olishi bo‘yicha turli xil versiyalar o‘rtaga chiqdi. Yadroviy inshootlar va neft bazalaridan tortib harbiy ob’ektlargacha bir qancha variantlar yangray boshladi. Tashqi kuchlar va Erondagi oliy hokimiyatning mamlakat ichidagi yadroviy ob’ektlarga zarba yo‘llash juda og‘ir badal to‘lanishiga sabab bo‘lishi haqidagi signallaridan so‘ng Isroil uchun eng qulay va xavfsiz tanlov cheklangan diapazondagi qasos operatsiyasi bo‘lib qolayotgandi. Agar yahudiy davlati shunday yo‘l tutadigan bo‘lsa, bunda ular shunchaki forslarning harbiy bazalarini nishonga olish bilan mojaro daftarini yopishi mumkin edi. Ammo mojarodagi ikkinchi tomon bo‘lmish Eronning ham o‘z aytadigani bor edi. Xususan, oliy rahnamo Oyatulloh Ali Xomanaiy Eron harbiylariga Isroilning potensial hujumi uchun javob ssenariylarini ishlab chiqishni buyurdi.
“The New York Times”ning Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusidagi manbalari Eronning keyingi qadamlari Isroil potensial zarbasining ko‘lamidan kelib chiqilishini ma’lum qildi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, agar Isroil o‘z hujumini faqat harbiy bazalar va ulardagi omborlarga qaratsa, Eron javob bermaslikni afzal ko‘rishi mumkin ekanligi aytilayotgandi. Biroq yahudiy davlatining havo hujumi katta qurbonlar va vayronagarchiliklarga sabab bo‘lgan holda Islom respublikasi hududidagi yadroviy inshootlar, neft yoki energetika infratuzilmasiga zarar yetkazgudek bo‘lsa, rasmiy Tehronning javobi halokatli bo‘lishi shipshitildi. Bunday hol yuz bergan taqdirda, Eron harbiy tuzilmasida bir qancha choralarni amalga oshirish rejalari ishlab chiqilgani aytildi. Jumladan, Eronning javob ssenariysi Isroil hududiga 1000 tagacha ballistik raketalarini uchirish, Tehron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan qarshilik harakati o‘qlari, xususan, “Hizbulloh”ning hujumlari va Fors ko‘rfazi hamda Hormuz bo‘g‘ozi orqali amalga oshiriladigan yuk tashish jarayonining bloklanishini o‘z ichiga olishi mumkin edi. Biroq nima bo‘lganda ham aslida Eron mazkur voqealar umuman ro‘y bermasligidan manfaatdorligi aytildi. Islom Respublikasi hukumatiga yaqin siyosiy tahlilchi Nosir Imani Eron aslida Isroil bilan katta urush olib borishni istamasligi, chunki u mintaqadagi keskinlikning o‘sishidan hech qanday foyda ko‘rmayotganini ta’kidladi. Ammo….
4-round
26 oktyabr sahar soatlarida Isroil Mudofaa kuchlari Eronga havo hujumi yo‘lladi. Isroil Eronga tungi hujum paytida 100 dan ortiq raketa uchirgan. Zarbalar fors mamlakatidagi harbiy ob’ektlarga berilgan. Hujum bevosita Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va Mudofaa vaziri Yoav Galant nazorati ostida o‘tgan. “The Jerusalem Post” gazetasiga ko‘ra, Isroil Eron havo hujumidan mudofaa tizimlarini “ko‘r qilish” uchun Suriyadagi radarlarga dastlabki zarbalar bergan. Oq uy Isroil o‘zini himoya qilish maqsadida Erondagi harbiy ob’ektlarga zarba berayotganini bildirdi va bu hujumlarda AQSHning qo‘li yo‘qligini iddao qildi.
“Sky News Arabia” nashri esa Rossiya Isroil hujumidan bir necha soat oldin Eronni xabardor qilganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, Rossiya Eronga razvedka ma’lumotlarini taqdim etgan va bu fors davlati uchun vaziyatning birmuncha yengil hal qilinishiga ko‘maklashgan. Mahalliy fors matbuotining yozishicha, raketalarning aksariyati poytaxtdan 20-60 km uzoqlikda havo hujumidan mudofaa vositalari tomonidan tutib olingan.
Tehron osmonida tinimsiz havo hujumidan mudofaa tizimi ishga tushgan. Isroil yadroviy inshootlar yoki neft infratuzilmasiga emas, faqat Erondagi harbiy nishonlarga zarba bergan. Eron bosh shtabi bayonotiga ko‘ra, Isroil raketalarni uchirishda Eron chegarasidan 100 kilometr uzoqlikdagi Iroqning AQSH armiyasi nazoratidagi hududidan foydalangan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Isroil havo-yer turidagi raketalardan foydalanib, Eronning uchta viloyatidagi radioaloqa stansiyalariga zarba berishga uringan. Ilom, Huziston va Tehron viloyatlaridagi bir nechta chegarada joylashgan radioaloqa stansiyalariga o‘rta masofali havo-yer raketalari yo‘naltirilgan bo‘lib, ular yengil portlovchi jangovar kallaklar bilan jihozlangan.
Ammo “The New York Times” nashri hujum borasida biroz boshqacha tafsilotlarni e’lon qildi. Nashrning bildirishicha, Isroil Erondagi muhim energiya ob’ektlari atrofidagi havo hujumidan mudofaa tizimlarini ataylab nishonga olgan va ularga to‘g‘ridan to‘g‘ri zarba bergan. Eron va Isroil Mudofaa vazirligining uch rasmiysi nashrga ma’lum qilishicha, Isroil kuchlari nishonlari Xuziston viloyatidagi Bandar Imom Xomayniy neft-kimyo majmuasi, Bandar Imom Xomayniy porti, Abadan neftni qayta ishlash zavodi, Ilom viloyatidagi gaz koni va boshqa havo hujumidan mudofaa ob’ektlarini qamrab olgan. Erondagi NYT manbalarining ta’kidlashicha, Isroilning havo hujumidan mudofaa tizimlarining yo‘q qilingani Tehronda chuqur xavotir uyg‘otgan, chunki Tehron hozirda muhim energetika ob’ektlariga kelajakda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan hujumlar oldida zaif ekani ta’kidlangan.
Raketa hujumi oqibatida inson hayoti bilan bog‘liq fatal oqibatlar ham kelib chiqqan. Xususan, Eron qurolli kuchlari Isroil zarbalari ortidan 4 nafar harbiy halok bo‘lganini tasdiqlagan bo‘lsa, mahalliy manbalar bunga qo‘shimcha tarzda bir fuqaro ham o‘lgani haqida xabar berdi. Hujumdan so‘ng qator davlatlar mojaro yuzasidan o‘z pozitsiyalarini e’lon qilgan holda, bu borada tezkor bayonet bilan chiqdi. Saudiya Arabistoni, Ummon Sultonligi, Pokiston, BAA, Iordaniya, Quvayt va Iroq kabi davlatlar Eronga qarshi harbiy hujumlarni keskin qoraladi. Ular Isroilning bu harakatlari Eronning suvereniteti hamda xalqaro huquq normalariga zid ekanini ta’kidladi. G‘arbning yetakchi davlatlari, xususan, AQSH va Buyuk Britaniya esa doimgidek, Isroilning bu hujumini o‘zini himoya qilish huquqi bilan izohladi. AQSH Milliy xavfsizlik kengashi vakili Shon Savett Isroilning javob hujumi o‘zini mudofaa qilish harakati bo‘lgani va bu faqat harbiy nishonlarga qaratilib, aholi punktlaridan chetda amalga oshirilganini ta’kidladi. U, shuningdek, Eronni Isroilga qarshi hujumlarini to‘xtatishga chaqirdi.
Pentagon matbuot kotibi Patrik Rayder AQSH Mudofaa vaziri Lloyd Ostin Isroildagi mavqedoshi Yoav Galant bilan suhbatlashgani va AQSHning Isroil xavfsizligi va o‘zini mudofaa qilish huquqiga bo‘lgan kuchli majburiyatini yana bir bor tasdiqlaganini ma’lum qilgan. Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer ham Eronni Isroil hujumlariga javob bermaslikka chaqirib, barcha tomonlarni o‘zini tiyishga chaqirdi.
Bu orada “Axios” portali Isroil o‘z hujumi haqida Eronni ogohlantirib, potensial nishonlar haqida oldindan xabar bergani haqida xabarlar tarqatdi. Biroq Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning matbuot xizmati Isroil tomoni Eron hududiga tungi havo hujumi arafasida uchinchi shaxslar orqali Tehronni ogohlantirgani haqidagi xabarlarni rad etdi. Agar hujumdan oldin Rossiya Eronga razvedka ma’lumotlarini uzatgani va Eronning bunga nisbatan javobi real bo‘lsa, raketa zarbalari shunchaki ko‘z bo‘yamachilik uchun uyushtirilmaganiga ma’lum darajada ishonsa bo‘ladi. Ammo Eron 26 oktyabrdagi hujumga yaqin kunlar ichida yoki umuman javob bermasa, bu holda Isroil tomonidan otilgan 100 ta raketa shunchaki zarbalar almashinuvi va hukumatlarning o‘z xalqi oldida hujumga hujum bilan javob berish haqidagi va’dasi o‘laroq berilgan degan xulosalarga olib keladi.
Javob zarbasi qachon bo‘lishi mumkin?
Mojaro o‘rtasida shunday qarashlar avj olgan mahal Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon Eron xalqi va Isroil hujumida halok bo‘lgan harbiylarning oila a’zolariga hamdardlik bildirib, rasmiy Tehron Isroil hujumiga muvozanatli va o‘ylangan tarzda javob qaytarishini ma’lum qildi. Bundan tashqari, oliy rahnamo Oyatulloh Ali Xomanaiy 28 oktyabr kuni Milliy xavfsizlik oliy kengashiga Isroilga qarshi javob zarbasi rejasini tayyorlashni buyurgan va respublika harbiy qo‘mondonligi Isroil hududidagi o‘nlab harbiy nishonlar ro‘yxatini tuzishni boshlagan. Bu orada Eron parlamenti Isroilga harbiy javob qaytarish to‘g‘risida qaror ham qabul qildi.
Parlamentning Milliy xavfsizlik qo‘mitasi a’zosi Sardor Kosarining ma’lum qilishicha, Eronning Isroil zarbasiga javobi avvalgi javoblardan ancha kuchli bo‘ladi va “qarshilik o‘qi” kuchlari ishtirokida amalga oshiriladi. Bu esa Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan Yaqin Sharqdagi qarshilik guruhlari Isroilga javob berish uchun Eron Qurolli kuchlari bilan birlashishini anglatadi. “Qarshilik o‘qi” deganda, Kosari ko‘p ehtimol faqatgina “Hizbulloh”ga ishora qilgan bo‘lishi mumkin, chunki HAMAS ayni damda bunday harakatlar uchun ojizlik qilishi mumkin. Mulozimning bildirishicha, mazkur javob 1 oktyabrda Eron tomonidan Isroilga qaratilgan “To‘g‘ri va’da – 2” operatsiyasi, ya’ni bir necha yuzlab raketa zarbalaridan ancha kuchli bo‘ladi. Parlament bu yuzasidan qaror qabul qilgan, hujumning aniq sanasi va vaqtini esa Qurolli kuchlar belgilaydi.
Agar Eronning javobi aniq bo‘lsa, u qachon, qay tarzda va qanday geosiyosiy sharoitda amalga oshirilishi yuzasidan manbalarning taxmini asosan ikkiga bo‘lingan. Masalan, “Axios” Isroil razvedkasiga tayanib, Eron yahudiy davlati tomonidan amalga oshirilgan hujumga javoban Iroq hududidan jiddiy zarba berishi va bu AQSHda 5 noyabrga belgilangan prezidentlik saylovlari oldidan ko‘plab dronlar va ballistik raketalar yordamida amalga oshirishi mumkinligi haqida xabar berdi. Eron zarbani Iroq hududidan amalga oshirishni tanlagani esa o‘zining strategik ob’ektlariga nisbatan Isroil javob hujumidan qochishga urinish sifatida talqin qilinmoqda. Ammo NYT o‘z manbalariga tayangan holda Eronning javob zarbalari 5 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan AQSH prezidentlik saylovlaridan keyin uyushtirilishi rejalashtirilganini ma’lum qildi. Bunga esa Eron saylov arafasida Donald Tramp Yaqin Sharqdagi keskinlikning kuchayishi fonida vaziyatni o‘z tomoniga og‘dirib olishidan manfaatdor emasligi sabab sifatida ko‘rsatilmoqda.
AQSH va Rossiya o‘z “donalarini” ajratib oldi
Mintaqadagi siyosiy vaziyat tobora keskinlashib borar ekan, Eron va Isroil o‘rtasidagi mojaro atrofidagi tashqi kuchlar ham ikki qirg‘oqqa tizilayotgandek taassurot uyg‘otmoqda. Xususan, 31 oktyabr kuni Yevrosiyo xavfsizligi bo‘yicha Minsk xalqaro konferensiyasida Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Rossiya va Eron o‘rtasida yaqin kelajakda yangilangan hamkorlik shartnomasi imzolanishini ma’lum qildi. Lavrov bitimda mudofaa masalalariga alohida e’tibor berilishini ta’kidladi. Unga ko‘ra, tomonlar mintaqaviy va global darajada tinchlik va xavfsizlik manfaatlari uchun mudofaa sohasida yanada yaqinroq hamkorlik qila boshlaydi.
Qo‘shma Shtatlar esa qo‘llov borasida allaqachon amaliy harakatlarni kuchaytira boshladi. AQSH harbiy kuchlari rahbariyati mintaqaga yirik hajmdagi qurollar to‘plamini yuborish orqali Eronga bosim o‘tkazishga kirishdi. Jumladan, 1 noyabr kuni Pentagon matbuot kotibi Patrik Rayder Yaqin Sharq mintaqasiga qo‘shimcha raketalarga qarshi mudofaa esminetslari, qiruvchi otryadlar va tanker samolyotlari, shuningdek, Harbiy-havo kuchlarining bir nechta uzoq masofali zarba beruvchi B-52 bombardimonchi samolyotlarining yuborilishini e’lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu chora asosida mintaqadagi AQSH kuchlari va fuqarolari va Isroilni himoya qilish bilan birga Eronni javob qaytarishdan tiyish va diplomatiya yo‘li bilan vaziyatni yumshatish ko‘zlangan.
“Harakatlar AQSHning global mudofaa pozitsiyasining moslashuvchan xususiyatini va milliy xavfsizlikka o‘zgaruvchan tahdidlarni bartaraf etish uchun qisqa vaqt ichida butun dunyo bo‘ylab kuchlarni joylashtirish qobiliyatini namoyish etadi”, deya ta’kidladi Rayder.
Pentagon rahbari Lloyd Ostin esa agar Eron, uning sheriklari yoki ishonchli vakillari amerikaliklar yoki AQSHning mintaqadagi manfaatlariga hujum qilish uchun fursatdan foydalansa, Vashington “o‘z xalqini himoya qilish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishini”, qat’iy ta’kidladi.
LiveBarchasi