Eronlik xakerlar Bayden shtabiga elektron xabarlar yuborgan

Olam

image

AQSHning sobiq prezidenti Donald Trampning saylovoldi tashviqoti materiallarini o‘g‘irlagan eronlik kiberjinoyatchilar amaldagi Prezident Jo Baydenning saylovoldi kampaniyasiga aloqador shaxslarga ushbu hujjatlardan ko‘chirmalarni o‘z ichiga olgan elektron pochta xabarlarini jo‘natgan. Bu haqda AQSH razvedka agentliklari – Federal qidiruv byurosi (FQB), Milliy razvedka boshqarmasi va Milliy xavfsizlik departamentining Kiberxavfsizlik va infratuzilma xavfsizligi agentligi qo‘shma bayonot berdi. 

Qayd etilishicha, kiruvchi xabarlar iyun oyi oxiri va iyul oyi boshida yuborilgan. Hozircha qabul qiluvchilar ularga javob bergani haqida hech qanday ma’lumot yo‘q.

“Bundan tashqari, iyun oyidan beri eronlik xakerlar Tramp kampaniyasi bilan bog‘liq o‘g‘irlangan ichki materiallarni Amerika OAVlariga jo‘natishga uringan”, deya ta’kidladi razvedka agentliklari.

Bayonotda, shuningdek, noyabr oyidagi AQSH saylovlari yaqinlashar ekan, Rossiya, Eron va Xitoy ularga ta’sir o‘tkazishga urinishlarini kuchaytirayotgani ta’kidlangan.

"Ular o‘z manfaati uchun Amerika jamiyatidagi bo‘linishni kuchaytirishga va saylov davrlarini zaiflik payti sifatida ko‘rishga harakat qilmoqda. Bu yoki boshqa xorijiy ishtirokchilarning bizning demokratik institutlarimizga putur yetkazishga urinishlari Qo‘shma Shtatlar uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri xavf tug‘diradi va bunga yo‘l qo‘yilmaydi", deydi razvedka idoralari.

Avgust oyi o‘rtalarida xuddi shu idoralar joriy saylovlar davrida Eronning agressiv faolligi oshgani haqida bayonot bergandi.

"Eron bu yilgi saylovlarni milliy xavfsizlik manfaatlariga ta’sir qilishi nuqtai nazaridan muhim deb hisoblaydi", deyilgandi o‘shanda.

AQSH razvedka idoralari sobiq prezident Donald Trampning saylovoldi tashviqotiga kirishga urinishlarini eslatib o‘tdi va buni Tehron bilan bog‘ladi. Bildirilishicha, uning raqibi Kamola Harrisning kampaniyasi ham xakerlar diqqat markazida bo‘lgan.

Bir hafta avval Google'ning Threat Intelligence Team Eron hukumati tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan APT42 xakerlar guruhi AQSH prezidentlik saylovlari bilan bog‘liq akkauntlarga, shuningdek, Isroildagi nishonlarga nayzali fishing hujumlarini uyushtirishda davom etayotgani haqida xabar bergan edi.

“Oxirgi olti oy ichida AQSH va Isroil barcha APT42 hujumlarining qariyb 60 foizini tashkil qilgan”, dedi Google.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Eron Donal'd Tramp Jo Bayden

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made