Eronga qarshi urush Yevropani “falaj” qilishi mumkin – OAV
Olam
−
13:59 1209 2 daqiqa
AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi tufayli yuzaga kelgan energetika inqirozi Yevropa iqtisodiyotiga og‘ir zarba berishi mumkin. Bu haqda “The Wall Street Journal” xabar berdi.
Nashr prognoziga ko‘ra, bu holat uzoq davom etgan iqtisodiy turg‘unlikdan so‘ng o‘sishni tezlashtirishni rejalashtirgan Yevropa uchun “kutilmagan holat” bo‘lishi mumkin.
Neft va gaz narxining oshishi allaqachon Yevropa davlatlarining qazilma yoqilg‘i importiga sarfini oshirgan. Mojaroning dastlabki o‘n kunida bu xarajatlar qariyb 3 milliard yevroga ko‘paygan.
Yevropa Ittifoqi hukumatlari vaziyat oqibatlarini yumshatishga harakat qilmoqda, biroq ularning imkoniyatlari Ukrainadagi urush boshlangan paytdagidan ham cheklangan. So‘nggi yillarda Yevropada davlat qarzi va qarz olish qiymati sezilarli darajada oshgan. Buyuk Britaniya va Fransiyada davlat qarzi kamida so‘nggi 60 yil ichidagi eng yuqori darajaga yaqinlashgan yoki shu darajaga yetgan.
Energiya narxining oshishi sanoatga bosimni kuchaytirmoqda. Kimyo sanoati va o‘g‘it ishlab chiqarish kabi energiyaga kuchli bog‘liq tarmoqlar gaz narxi oshishi va inflyatsiya xavfi haqida ogohlantirmoqda. Bu holat ayrim zavodlarning yopilishi va ishlab chiqarishning Xitoy yoki AQSHga ko‘chirilishi xavfini ham keltirib chiqarmoqda.
Nashrning yozishicha, Eron atrofidagi mojaro AQSH Prezidenti Donald Tramp siyosati tufayli Yevropa iqtisodiyotiga berilgan navbatdagi zarba bo‘lgan. O‘tgan yili joriy etilgan tariflar Yevropa kompaniyalarining eng yirik eksport bozorlaridan biriga kirishini cheklagan hamda AQSH bozoriga qo‘yilgan tarif to‘siqlari sabab Xitoydan importning Yevropaga ko‘payishiga olib kelgan.
Esltib o‘tamiz, avvalroq Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning Eron atrofidagi vaziyat bo‘yicha olib borayotgan siyosati Isroil va AQSH o‘rtasidagi munosabatlarning yomonlashishiga olib kelishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi