Eronning navbatdagi nishoni turkiylarmi? Ozarbayjonga kim hujum qildi?
Tahlil
−
01:20 4629 10 daqiqa
Eron–Isroil–AQSH o‘rtasidagi urush tobora kengayib bormoqda. Aytilishicha, Eron tomonidan Ozarbayjon hududiga raketa hujumi amalga oshirilgan. Biroq ayrim tahlilchilar bu hujum ortida Ozarbayjonning “jon akasi” deb ta’riflanadigan Isroil ham bo‘lishi mumkinligini istisno qilmayapti.
Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Eron rasmiylari Bakudan yordam so‘raganini ham ma’lum qildi. Shu bilan birga, Turkiya osmonida Eronga tegishliligi gumon qilingan raketa urib tushirilgani haqida xabarlar tarqaldi.
Markaziy Osiyo davlatlari, xususan, O‘zbekiston va Qozog‘iston Eronga ta’ziya bildirgan bo‘lsa-da, ayni paytda arab davlatlari bilan ham birdam ekanini ma’lum qildi. Eron esa hozirgi vaziyatda hech bir siyosiy yo‘nalishni chetda qoldirmayotgani aytilmoqda.
Bu jarayonlarda Turkiya, Ozarbayjon, Armaniston va Isroil kabi davlatlar manfaatlari kesishmoqda. Rossiya esa kutilmagan bayonot bilan chiqdi. Yaqin daqiqalar ichida shu va boshqa muhim voqealar haqida batafsil ma’lumot beramiz.
Eron atrofida dushmanlar kengaymoqda
Joriy yilning 5 mart kuni Eron raketaci Ozarbayjonning Naxichevon Avtonom Respublikasi hududidagi aeroport yaqiniga qulab tushdi. Naxichevon Ozarbayjonning Eron, Turkiya va Armaniston bilan chegaradosh eksklavi bo‘lib, Janubiy Kavkazda strategik ahamiyatga ega hudud hisoblanadi.
Mazkur hodisani Ozarbayjon tomoni keskin qoraladi. Mamlakat Tashqi ishlar vazirligi tarqatgan bayonotga ko‘ra, bir dron Naxichevon aeroporti terminal binosiga zarba bergan, yana bir dron esa Shakarobod qishlog‘idagi maktab binosi yaqiniga qulab tushgan. Hodisa sabab maktab o‘quvchilari va o‘qituvchilari evakuatsiya qilingan.
Bayonotda ta’kidlanishicha, ushbu hujum ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Naxichevonga qilingan hujumni “terroristik harakat” deb baholab, Eron buning uchun rasman uzr so‘rashi kerakligini bildirdi. U hujumni “nonko‘rlik” sifatida baholab, bunday tajovuzga “temir musht” bilan javob qaytarilishini aytdi. Bu haqda Prezident 5 mart kuni Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida ma’lum qildi.
Prezident o‘z nutqida avval ham Eron maxsus xizmatlari bilan bog‘liq shaxs Tehrondagi Ozarbayjon elchixonasiga terror hujumi uyushtirganini eslatdi. Ushbu hodisada bir nafar fuqaro halok bo‘lgan, yana biri og‘ir jarohat olgan.
Aliyevning ta’kidlashicha, hujum qariyb 40 daqiqa davom etganiga qaramay, Eron xavfsizlik xizmatlari yoki politsiya vakillari elchixonaga yetib kelmagan. Prezident bu holat yuqori darajadagi buyruq bilan bog‘liq bo‘lganini iddao qildi.
Shundan so‘ng Ozarbayjon o‘z elchixonasini Erondan evakuatsiya qilib, diplomatik munosabatlarni to‘xtatgan. Keyinchalik Eron rasmiylaridan uzr talab qilingan va hujumni amalga oshirgan shaxs qatl etilgani ma’lum qilingan.
Mazkur voqeadan so‘ng Ilhom Aliyev mamlakat Qurolli kuchlarida birinchi darajali safarbarlik e’lon qilinganini ma’lum qildi.
Prezident shuningdek, Eron tomonidan Ozarbayjonga nisbatan avval ham asossiz ayblovlar aytilganini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Eron davlat organlari nazoratidagi ayrim media resurslar Ozarbayjonni obro‘sizlantirishga qaratilgan axborot kampaniyasini olib borgan.
Aliyevning fikricha, mustaqil Ozarbayjon Eron hududida yashaydigan millionlab ozarbayjonliklar uchun umid manbai hisoblanadi. Shu bois ayrim kuchlar Ozarbayjonning xalqaro imijini pasaytirishga harakat qilmoqda.
Prezident, shuningdek, Ozarbayjon Eron hududiga qarshi hech qanday harbiy operatsiya o‘tkazmaganini va bunday rejalar yo‘qligini bildirdi.
Uning ta’kidlashicha, u shaxsan Eron elchixonasiga borib Oliy rahbar Ali Xomanaiy vafoti munosabati bilan ta’ziya bildirgan. Aliyevga ko‘ra, buni boshqa davlat rahbarlari amalga oshirmagan.
Shuningdek, u Eron rasmiylari Bakuga qo‘ng‘iroq qilib yordam so‘ragani va Ozarbayjon zarur yordamni ko‘rsatganini ham ma’lum qildi.
Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchining aytishicha, Naxichevondagi hujumga Eron aloqador emas va bu voqeaning ortida kim turgani aniqlanadi.
Shu bilan birga, vaziyat yuzasidan Ozarbayjon Tashqi ishlar vaziri Isroil Tashqi ishlar vaziri Gideon Saar bilan telefon orqali muloqot qildi. Saar Eronning Ozarbayjonga qarshi “ochiq va qasddan amalga oshirilgan tajovuzi”ni qoraladi.
“Bu mutlaqo qabul qilib bo‘lmas holat. Bu Eron rejimi aqldan ozgan va jilovsiz ekanini yana bir bor ko‘rsatadi”, dedi u.
Eslatib o‘tamiz, 28 fevral kuni BMTning favqulodda yig‘ilishida Rossiya AQSHni muzokaralar tugamasidan turib Eronga hujum qilganlikda ayblab, buni “orqadan zarba” deb atagan edi.
Ayrim xorijiy manbalar esa ushbu urushdan Ozarbayjon manfaatdor bo‘lishi mumkinligini yoki hujum ortida Isroil va AQSHning bilvosita ishtiroki bo‘lishi ehtimolini ham tilga olmoqda.
Chunki Ozarbayjon va Isroil o‘rtasidagi strategik hamkorlik uzoq yillarga borib taqaladi. Xususan, ozarbayjonliklar “Ulug‘ vatan urushi” deb ataydigan Qorabog‘ urushida Isroil Ozarbayjonni qurol-yarog‘ bilan ta’minlagan. Bunga javoban Ozarbayjon Isroilga neft yetkazib beruvchi asosiy hamkorlardan biri hisoblanadi.
Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, Armanistonni esa ayrim masalalarda Eron zimdan qo‘llab-quvvatlab kelgan. Shu sabab Ozarbayjon tomoni Tehronni Armanistonga iqtisodiy va logistik yordam ko‘rsatishda ayblab keladi.
Qorabog‘ mojarosi nafaqat siyosiy, balki madaniy va diniy omillarni ham o‘z ichiga oladi. Ozarbayjon tomoniga ko‘ra, Qorabog‘ hududi Armaniston nazorati ostida bo‘lgan davrda ko‘plab masjidlar vayron qilingan.
Bu hududda saqlanib qolgan kam sonli islomiy yodgorliklardan biri – “Yuqori Gavhar og‘a” masjidi hisoblanadi.
Ayrim da’volarga ko‘ra, ushbu masjidni ta’mirlash va saqlab qolish ishlarida Eron ham moliyaviy ishtirok etgan. Bu esa Armaniston tomoniga “Qorabog‘da islomiy yodgorliklar vayron qilinmagan” degan siyosiy argumentni ilgari surish imkonini bergani aytilmoqda.
Shu bilan birga, Eron hududida taxminan 30–40 millionga yaqin ozarbayjon turklari yashaydi. Bu raqam hatto Ozarbayjon aholisidan bir necha baravar ko‘p. Shu sababli “Janubiy Ozarbayjon” masalasi Tehron uchun juda nozik va ehtiyotkor siyosat talab qiladigan mavzu hisoblanadi.
Turkiy davlatlar pozitsiyasi
Eron atrofida yuzaga kelgan vaziyatga nisbatan Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar ham muayyan pozitsiya bildirdi. Mazkur tashkilotga Turkiya, Ozarbayjon, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston a’zo hisoblanadi.
4 mart kuni Yaqin Sharqdagi mojaro boshlanganidan buyon ilk bor Turkiya osmonida Erondan uchirilgani taxmin qilingan ballistik raketa yo‘q qilindi. Raketaga qarshi mudofaa tizimiga tegishli parchalar Hatay viloyatining Dortyol tumani hududiga tushgan. Hodisa oqibatida jabrlanganlar yo‘q.
Voqeadan so‘ng Turkiya Mudofaa vazirligi mamlakat har qanday tahdidga javob qaytarish huquqini o‘zida saqlab qolishini ma’lum qildi.
Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan ham vaziyatga nisbatan keskin munosabat bildirdi. U Eronni butun mintaqada keskinlikni kuchaytirishi mumkin bo‘lgan harakatlardan tiyilishga chaqirdi. Shuningdek, Fidan AQSH Davlat kotibi Marko Rubio bilan telefon orqali muloqot qilib, mintaqaviy xavfsizlik masalalarini muhokama qildi.
Ayni paytda Turkiya Tashqi ishlar vazirligi Eron elchisini vazirlikka chaqirtirib, rasmiy diplomatik norozilik bildirdi.
Prezident Rajab Toyib Erdog‘an 5 mart kuni Anqaradagi iftorlik marosimida Turkiya Eron bilan bog‘liq raketa hodisasining takrorlanishiga toqat qilmasligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Anqara bu borada aniq ogohlantirishlar bergan va o‘z chegaralari hamda havo hududini himoya qilish uchun zarur choralarni ko‘rmoqda.
“Mintaqamiz boshidan kechirayotgan bu og‘ir kunlarda biz hech qachon chegaralarimiz va havo hududimizni tasodifga qoldirmaymiz. Agar bu abadiy vatanimizda tinchlik va xavfsizlikda yashashni istasak, doimo o‘z qo‘rqitish kuchimizni oshirishimiz kerak”, deydi Prezident.
Eron tomoni esa Turkiya hududiga ataylab raketa uchirilgani haqidagi iddaolarni rad etdi. Ayrim taxminlarga ko‘ra, raketa aslida Kiprdagi Britaniya harbiy bazasiga yo‘naltirilgan bo‘lishi va yo‘ldan adashgan bo‘lishi mumkin.
Ozarbayjonda kuzatilgan hodisalardan so‘ng Turkiya Bokuni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Ikki davlat tashqi ishlar vazirlari mazkur hujumlarni qabul qilib bo‘lmasligini ta’kidladi. Shu bilan birga, ular strategik ittifoq doirasidagi muvofiqlik va hamkorlikni yanada mustahkamlash muhimligini qayd etdi.
Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo O‘zbekiston va Qozog‘iston ham o‘z pozitsiyalarini ma’lum qildi.
O‘zbekiston Eron Oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy vafoti munosabati bilan ta’ziya bildirdi. Shu bilan birga, Eron tomonidan hujumga uchragan arab davlatlari bilan birdamligini ham ma’lum qildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5 mart kuni Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bilan telefon orqali muloqot qildi. Suhbat avvalida Mirziyoyev Ozarbayjon hududiga uchuvchisiz uchish apparatlari orqali amalga oshirilgan hujumlarni qoralab, jabrlanganlarning tez fursatda sog‘ayib ketishini tiladi.
Qozog‘iston ham mintaqadagi vaziyatga munosabat bildirib, Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamdard ekanini ma’lum qildi. Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev BAAni do‘st va birodar davlat deb atab, zarurat tug‘ilgan taqdirda qo‘lidan kelgan yordamni ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.
Markaziy Osiyodagi boshqa davlatlar esa hozircha Yaqin Sharqdagi vaziyat yuzasidan rasmiy munosabat bildirmagan. Xususan, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston Eron–Isroil–AQSH o‘rtasidagi urush bo‘yicha izoh bermagan.
Shu bilan birga, Kurdiston mintaqasi Prezidenti Nechirvon Barzoniy o‘z bayonotida mintaqasi “hech qanday mojaro yoki harbiy keskinlikning bir qismi bo‘lmasligi”ni ta’kidladi.
Hammasiga aybdor – neft
Ushbu mojaro fonida Tehron Yaqin Sharqdagi energiya bozoriga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan keskin qarorlar qabul qildi. Xususan, Eron mintaqadan energiya eksportini vaqtincha to‘xtatgani, shuningdek, Fors ko‘rfazi orqali amalga oshiriladigan ayrim yuk tashish yo‘nalishlarini cheklagani haqida xabarlar tarqaldi. Bu esa mintaqadagi energetika va logistika zanjirlariga jiddiy bosim o‘tkazmoqda.
Ayni paytda Qatar tomonidan suyultirilgan tabiiy gaz (LNG) ishlab chiqarish hajmini qisqartirish ehtimoli haqidagi ma’lumotlar ham xalqaro bozorlarda xavotir uyg‘otmoqda. Bunday vaziyat allaqachon Yevropa bozorlarida energiya narxlarining oshishiga sabab bo‘la boshladi.
Yaqin Sharqdagi har qanday keskinlik global energiya bozoriga bevosita ta’sir qiladi. Chunki ushbu mintaqa dunyo neft qazib olishining taxminan uchdan bir qismini va tabiiy gaz ishlab chiqarishining qariyb beshdan bir qismini ta’minlaydi. Shu bois, mojaroning chuqurlashishi xalqaro bozorlarda inflyatsiyaning yangi to‘lqinini keltirib chiqarishi mumkin.
Agar vaziyat uzoq davom etsa, bu Yevropa va Osiyo davlatlarida iqtisodiy tiklanish jarayonlarining sekinlashishiga, energiya tanqisligi va sanoat xarajatlarining oshishiga olib kelishi ehtimoldan xoli emas. Tahlilchilarga ko‘ra, bunday holat global iqtisodiy barqarorlik uchun ham jiddiy xavflardan biri hisoblanadi.
O‘rta koridor – xalqaro savdo va tranzit yo‘li
So‘nggi yillarda xalqaro savdo tizimida katta o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Geosiyosiy ziddiyatlar, sanksiyalar va logistika zanjirlaridagi muammolar tufayli davlatlar yangi transport yo‘nalishlarini izlashga majbur bo‘lmoqda. Ana shunday muhim loyihalardan biri – O‘rta koridor deb ataladigan transport yo‘lagidir.
O‘rta koridor – Xitoydan boshlanib, Markaziy Osiyo, Kavkaz va Turkiya orqali Yevropaga chiqadigan xalqaro transport yo‘lagidir. U rasman Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagi deb ham ataladi. Marshrut taxminan quyidagi davlatlar orqali o‘tadi:
Xitoy → Qozog‘iston → Kaspiy dengizi → Ozarbayjon → Gruziya → Turkiya → Yevropa.
Ushbu yo‘lak orqali yuklar temiryo‘l, dengiz va avtomobil transporti orqali tashiladi.
Eron esa mazkur loyihaga tanqidiy munosabat bildirib keladi. Chunki O‘rta koridor Xitoydan Yevropa bozorlariga tovarlarni Kaspiy dengizi orqali yetkazishni nazarda tutadi va bu marshrut Eron hududini aylanib o‘tadi.
Agar ushbu yo‘lak to‘liq ishlab ketsa, Xitoy va Yevropa o‘rtasidagi savdoning bir qismi Eron orqali emas, balki Qozog‘iston, Kaspiy dengizi va Kavkaz orqali amalga oshiriladi. Bu esa Eron uchun tranzit daromadlarining kamayishini anglatadi.
Shu bilan birga, Tehron Kavkaz va Markaziy Osiyoda o‘z ta’sirini saqlab qolishga intilmoqda. Biroq mazkur koridor orqali Turkiya, Ozarbayjon va Qozog‘istonning roli ortishi Eronning mintaqadagi strategik ahamiyatini qisman kamaytirishi mumkin.
Zangezur yo‘lagi ham Eronni xavotirga solayotgan omillardan biri hisoblanadi. Ushbu koridor Ozarbayjon, Armaniston va Turkiya o‘rtasida yangi quruqlik transport aloqasini ochishi mumkin. Eron esa bu yo‘lak ochilsa, Kavkazdagi transport tarmoqlari uni chetlab o‘tishi mumkinligidan xavotirda.
Har ikkala koridorning muhim nuqtalaridan biri Turkiya hisoblanadi. Agar bu marshrutlar to‘liq ishga tushsa, Turkiya Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi asosiy logistika markazlaridan biriga aylanishi mumkin. Bu esa mintaqada Eron uchun raqobatni yanada kuchaytirishi ehtimoldan xoli emas.
Rossiyaning aralashuvi
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov AQSH va Isroilning asosiy maqsadlaridan biri Fors ko‘rfazi davlatlarini Eronga qarshi urushga jalb qilish ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH va Isroil harakatlaridan jabr ko‘rayotgan har qanday davlat Rossiya uchun do‘st hisoblanadi.
“AQSH va Isroil tajovuzidan jabr ko‘rayotgan barcha tomonlar bizning strategik hamkorlarimizdir. Biz xalqaro hamjamiyatning boshqa tinchliksevar a’zolari bilan birgalikda, ushbu operatsiyani mutlaqo imkonsiz qiladigan muhitni yaratishga hissa qo‘shish uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilamiz”, deydi Rossiya Tashqi ishlar vaziri.
Hozirgi vaziyat
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2026 yil 5 mart holatiga ko‘ra AQSH va Isroil zarbalari oqibatida Eronda halok bo‘lganlar soni 1 230 nafarga yetgan.
Shuningdek, Eron Oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiyning 4 mart kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan dafn marosimi ham Isroil va AQSH zarbalari tufayli noma’lum muddatga qoldirildi.
Ayni paytda Isroil Eronga qarshi harbiy amaliyotning ikkinchi bosqichi boshlanishini ma’lum qildi. Agentliklar tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, qiruvchi samolyotlar yer ostida joylashgan ballistik raketa infratuzilmasiga zarba berishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Yaqin Sharqdagi vaziyat keskinligicha qolmoqda.
Voqea tafsilotlari bilan batafsil tanishish uchun QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasi orqali ushbu videoni tomosha qiling.
Live
Barchasi