Erondagi namoyishlarda 12 mingdan ortiq odam halok bo‘ldi – OAV
Olam
−
14 yanvar 6640 2 daqiqa
Eronda davom etayotgan norozilik namoyishlari oqibatida kamida 12 ming kishi, ehtimol undan ham ko‘proq odam halok bo‘ldi. Bu haqda Islom Respublikasi ichidagi manbalarga tayanib, “CBS News” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, so‘nggi besh kun davomida Eron hukumati mamlakatda internet va telefon aloqasini uzib qo‘ygani sababli aniq ma’lumotlarni topishning umuman iloji yo‘q. Erondagi ichki manba chet elga qo‘ng‘iroq qilishga muvaffaq bo‘lib, halok bo‘lganlar soni kamida 12 ming, ehtimol 20 minggacha yetgani haqida ochiqlagan.
Nashr, shuningdek, muxolif “Iran International” telekanali ham bu ma’lumotni tasdiqlaganini bildirgan. Vashingtondagi, Erondagi aloqalarga ega manbaning aytishicha, qurbonlar soni ehtimol 10 mingdan 12 minggacha ham bo‘lishi mumkin.
AQSH Prezidenti Donald Tramp kecha, 13 yanvar kuni Erondagi namoyishchilarga murojaat qilib, davlat idoralarini nazoratga olishga chaqirgan va Vashington tomonidan qo‘llab-quvvatlash va’da qilgan.
Eron hududida ommaviy norozilik namoyishlari o‘tgan yilning 28 dekabridan beri davom etmoqda. Dastlab ular og‘ir iqtisodiy vaziyat va milliy valyuta kursining keskin pasayishi sababli boshlangan, biroq tez orada siyosiy mazmun ham kasb etgan.
Nizolar fonida Qo‘shma Shtatlar o‘z fuqarolarini Eronni zudlik bilan tark etishga chaqirgan. Mamlakatdagi Amerika fuqarolari internetda keyingi uzilishlarga duch kelishi kutilmoqda. 13 yanvar kuni AQSHning Tehrondagi virtual elchixonasi veb-saytida joylashtirilgan xabarga ko‘ra, muqobil aloqa vositalarini oldindan ko‘rib chiqishlari kerak.
Shuningdek, amerikaliklarga Eronni Armaniston yoki Turkiya orqali quruqlik orqali tark etishni ko‘rib chiqish tavsiya qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Reuters” agentligi Eronda norozilik namoyishlari boshlangandan beri, xavfsizlik xodimlari bilan birga 2000 ga yaqin odam halok bo‘lgani haqida xabar bergandi.
Live
Barchasi