Erondagi marafonda ayollar hijob o‘ramagani uchun tashkilotchilar qamaldi

Olam

image

Eronda ikki marafon tashkilotchisi ayollarni hijobsiz holda yugurishga ruxsat bergani uchun hibsga olindi. Bu haqda “Iran International” xabar berdi.

Janubiy Eron qirg‘og‘idagi Kish orolida o‘tkazilgan marafonda 2 ming ayol va 3 ming erkak qatnashgan. Ba’zi ishtirokchi ayollar qizil futbolkalarda yugurgan, biroq hijob yoki boshqa bosh kiyim kiyishmagan. Bu holat jamiyatda juda turli reaksiyalarga sabab bo‘lgan.

Eron ichidagi o‘zgarish tarafdorlari bu suratlarni ayollarning hukumat tomonidan belgilangan kiyinish qoidalariga qarshi turayotganining navbatdagi isboti sifatida olqishlagan. 

Aksincha, Eron hukumat vakillari bu holatni amaldagi tartibga qarshi “mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan chaqiriq”, deb baholagan.

Shundan so‘ng, sud idoralari tashkilotchilarga qarshi tezkor choralar ko‘rgan. Ayrim ayollarning hijob qoidalarini buzganidan tashqari, marafonning o‘tkazilishi ham mamlakatning teokratik diniy rahbariyati tomonidan tanqid qilingan. 

Kish prokurorining aytishicha, yugurish musobaqasining o‘tkazilishi “jamoat axloqiga zid” hisoblanadi.

Hijob masalasi Eronning kelajakda qaysi yo‘nalishga qarab rivojlanishi haqidagi bahslarning markazida turibdi.

Ayollarning boshini yopmasdan omma orasida yurishiga nisbatan hukumatning munosabati doim o‘zgarib turadi,  ba’zida qoidalar yumshaydi, ba’zida esa keskin kuchayadi.

Uch yil avval mamlakat bo‘ylab bir necha oy davom etgan ommaviy noroziliklar aynan hijob qoidalarini buzganlikda ayblanib hibsga olingan yosh qiz Mahsa Aminining o‘limidan so‘ng boshlangan edi. U politsiya yuk mashinasida kaltaklangan, keyin esa mash’um tarzda hibsda vafot etgan.

Protestlar kuch bilan bostirilganiga qaramay, ko‘plab eronlik ayollar hanuz hijob o‘rash qoidalarini mensimayapti. Bu esa yana hukumat reaksiyasiga sabab bo‘lmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eronning Maqsadga muvofiqlikni baholash kengashi a’zosi Muhammadrizo Bahonar mamlakatda ayollar uchun hijob o‘rash talabi bekor bo‘lgani, uni o‘ramaslik uchun jarima va qonuniy sanksiyalar qo‘llanmasligi haqida aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron marafon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing