Eronda yana portlash sodir bo‘ldi

Olam

image

Eronning Isfahon shahrida joylashgan pirotexnika va portlovchi moddalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kompaniya omborida portlash yuz bergan. Bu haqda “Iran International” xabar berdi.

Avanar Parsian kompaniyasi zavodida portlash sodir bo‘lganini Isfahon viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tasdiqlagan. Unda bir kishi halok bo‘lgani va bir necha kishi yaralangani aytilgan. Portlash sabablari oshkor etilmagan.

Kompaniya mushak va dinamit ishlab chiqarish va sotish bilan shug‘ullangan. Shuningdek, uning ishi mamlakat Milliy xavfsizlik oliy kengashi tomonidan nazorat qilinishi ko‘rsatilgan.

“Iran International” manbalarining ta’kidlashicha, kompaniya uchuvchisiz uchish apparatlarining yirik ishlab chiqaruvchisi Iran Aircraft Industries kompaniyasi bilan aloqador bo‘lishi ham mumkin.

Ma’lumot uchun, bundan oldingi portlash joriy yilning 26 aprel kuni tushda Fors ko‘rfazi sohilidagi Bandar Abbos portida sodir bo‘lgan. Bir necha konteyner portlashi oqibatida 40 kishi halok bo‘ldi, 1000 dan ortiq kishi jarohatlandi.

Ayrim OAV portlash kimyoviy moddalar va raketa yoqilg‘isiga ehtiyotsizlik bilan munosabatda bo‘lish oqibatida sodir bo‘lgani haqida yozdi. Biroq rasmiy Tehron buni rad etdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Eronning Bandar-Abbos shahridagi Shahid-Rajai porti hududida ro‘y bergan portlash oqibatida ko‘plab insonlar halok bo‘lgani va jiddiy jarohat olgani, katta talafotlar ko‘rilgani munosabati bilan Prezident Mas’ud Pezeshkiyonga ta’ziya maktubini yo‘llagandi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron portlash Isfahon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing