Eronda yana namoyishlar avj oldi (video)
Olam
−
18 fevral 2023 11908 3 daqiqa
2022 yil sentyabr oyida boshlangan Erondagi namoyishlar so‘nggi haftalarda bosilganday ko‘ringan edi, biroq 16 fevral kuni kechasi yana avj oldi. Kecha, 17 fevral kuni internetda namoyishchilar Islom Respublikasini ag‘darib tashlashga chaqirayotgani tasvirlangan videolar tarqaldi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, namoyishlar Tehronning bir qancha mahallalari hamda Xuziston viloyatining Karaj, Isfaxon, Qazvin, Rasht, Arak, Mashhad, Sanandaj, Qorve va Izeh shaharlarida bo‘lib o‘tgan. Odamlarning noroziligiga o‘tgan oyda ikki namoyishchi – Muhammad Mehdi Karami va Muhammad Husayniyning qatl etilgani sabab bo‘lgan. Mashhad shahridan olingani aytilgan videoda namoyishchilar:
“Shahid ukam, biz sizning qoningiz uchun qasos olamiz” deb hayqirayotgani aks etgan.
Ta’kidlash joizki, uzoq davom etgan tartibsizliklar to‘lqini 1979 yilgi inqilobdan beri Eron uchun eng kuchli muammolardan birini keltirib chiqardi. So‘nggi haftalarda tartibsizliklar kuch ishlatish va qatl etish amalyoti tufayli kamaygan bo‘lsada, fuqarolik bo‘ysunmaslik harakatlari davom etmoqda. Tehron va boshqa shaharlarda tunda hukumatga qarshi shiorlar yangramoqda.
Huquq faollarining aytishicha, sentyabr oyidan beri 500 dan ortiq namoyishchi o‘ldirilgan, ulardan 71 nafari voyaga yetmagan bolalar bo‘lgan. 20 mingga yaqin kishi esa hibsga olingan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq 22 yoshli karate chempioni Karami va bolalar murabbiyi Husayniy Basij harbiylashgan kuchlari militsiyasi a’zosini o‘ldirishda aybdor deb topilgan va o‘limga hukm qilingan edi. Xalqaro Amnistiya Karamiyni ayblagan sud majburiy iqrorlarga tayanganini aytgan, Husayniyning advokati esa mijozi qiynoqqa solinganini ma’lum qilgandi.
Mahsa Amini vafoti va namoyishlar
Joriy yilning 16 sentyabr kuni Eronda axloq politsiyasi tomonidan noto‘g‘ri hijob kiygani uchun hibsga olingan 22 yoshli talaba Mahsa Amini vafot etdi. Uning vafotidan so‘ng mamlakatda norozilik namoyishlari boshlandi.
Namoyish sifatida butun mamlakat bo‘ylab ayollar hijobni yoqib, sochlarini kesdi. Ushbu norozilik dunyoning boshqa mamlakatlarida ham aks-sado berdi. Namoyishchilar ko‘chalarni to‘sib, xavfsizlik kuchlariga tosh otdi, politsiya mashinalari va axlat qutilariga o‘t qo‘ydi, hukumatga qarshi shiorlar aytdi.
Amini poytaxtda Eron axloq politsiyasi tomonidan ayollarning sochlarini hijob yoki ro‘mol, qo‘l va oyoqlarini keng kiyim bilan o‘rashni talab qiluvchi qonunni buzganlikda ayblanib hibsga olingan edi.
Qo‘lga olinganidan uch kun o‘tgach, Amini vafot etdi. Rasmiylarga ko‘ra, o‘limga "yurak yetishmovchiligi" sabab bo‘lgan. Ammo marhumning qarindoshlari qizning yuragida hech qachon muammo bo‘lmaganini da’vo qilmoqda. Ular jabrlanuvchi kaltaklash oqibatida vafot etgan, deb taxmin qilmoqda. BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari vazifasini bajaruvchi Nada Al-Nashif Amini politsiya tomonidan kaltaklangani haqidagi xabarlarga ishora qildi.
Amerika Qo‘shma Shtatlari hibsga olingandan keyin vafot etgan eronlik Mahsa Amini o‘limi sababli Eronning axloq politsiyasiga qarshi sanksiyalar kiritdi. Keyinroq Kanada ham bir necha o‘nlab Eron rasmiylari, biznes vakillari, shuningdek, Eron axloq politsiyasiga qarshi sanksiyalar joriy etishga qaror qildi.
Eronda uning o‘limidan so‘ng butun mamlakat bo‘ylab misli ko‘rilmagan norozilik to‘lqini kuzatildi. Uch oy ichida miting va yurishlar 157 ta shahar va aholi punktlarini qamrab olgan. Ularning ishtirokchilari demokratik o‘zgarishlarga chaqirib, hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan repressiyalarni qoraladi va hibsga olinganlarni ozod qilishni talab qildi. Sentyabr o‘rtalaridan beri Eronda jami 18,5 ming kishi hibsga olingan. Tartibsizliklarni bostirish vaqtida 507 nafar faol va 66 nafar xavfsizlik xizmati xodimi halok bo‘lgan.
Alibek Beyjanov