Eronda terakt. 15 kishi qurbon bo‘ldi
Olam
−
27 Oktabr 2022
9826Eronning Sheroz shahridagi Shoh-Cherax maqbarasiga kiraverishda uch nafar qurollangan shaxs avtomatlardan o‘q uzdi, oqibatda kamida 15 kishi halok bo‘ldi, 40 kishi yaralandi. Voqea kecha, 26 oktyabr kuni soat 17:45 atrofida sodir bo‘lgan. Bu haqda mahalliy IRNA agentligi xabar berdi.
Halok bo‘lganlar orasida ayollar va bolalar ham borligi aytilmoqda.
Agentlikning guvohlarga tayanib yozishicha, hujumchilar soat 17: 45da maqbara hududiga mashinada kirib borgan va darhol o‘t ochgan.
Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy Sherozdagi teraktda bir guruh insonlar halok bo‘lgani munosabati bilan hamdardlik bildirib, “biz bu qadamga qat’iy javob beramiz va bu jinoyatchilarga saboq bo‘ladi”, deb aytdi.
Unga ko‘ra, Eronning dushmanlari o‘z muvaffaqiyatsizliklari va mag‘lubiyatlari uchun terakt bilan qasos oldi.
“Albatta, bu yovuz qadam javobsiz to‘xtab qolmaydi va mamlakat adliya tizimi aybdorlarni jazolashni kuzatib turibdi”, deydi Raisiy.
Politsiya uch nafar hujumchidan ikkitasini qo‘lga olgan. Fars viloyati gubernatori o‘rinbosari Esmoil Mohebbipurning aytishicha, otishma yaralangan va hibsga olingan birgina terrorchi tomonidan amalga oshirilgan.
Internetda e’lon qilingan bayonotga ko‘ra, ISHID terror tashkiloti Sherozdagi hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi.
Maqbaraga hujum Eronda 22 yoshli Mahsa Aminining o‘limidan so‘ng sentyabr oyi o‘rtalarida boshlangan milliy norozilik namoyishlari fonida sodir bo‘ldi. U “noto‘g‘ri” hijob kiygani uchun axloq politsiyasi tomonidan hibsga olinganidan so‘ng vafot etgandi.
Sentyabr oyining oxiriga kelib Eron xavfsizlik kuchlari vakillari namoyishchilarga qarshi maqsadli ravishda qurol ishlata boshladilar.
Huquq faollariga ko‘ra, 25 oktyabr holatiga ko‘ra, namoyishlarda kamida 234 kishi halok bo‘lgan, ulardan 29 nafari voyaga yetmaganlardir.
LiveBarchasi