Eronda prezidentlik saylovi boshlandi (video)
Olam
−
28 iyun
6094Bugun, 28 iyun kuni Eronda navbatdan tashqari prezidentlik saylovi boshlandi. Bu haqda “Tasnim” axborot agentligi xabar berdi.
Mamlakatning rahnamosi Oyatulloh Sayyid Ali Xomanaiy saylov jarayonlari boshlanishi bilanoq ovoz berdi va barcha eronliklarni saylovda faol ishtirok etishga chaqirdi. Shuningdek, u ovoz berganidan keyin Eron xalqi uchun eng yaxshi kunlar va yillar kelishini so‘rab duo qilgan. Saylov kunini eronliklar uchun “baxt va shodlik kuni” deb ta’riflagan Xomanaiy mamlakatning keyingi bir necha yillik taqdirini belgilab beradigan prezidentlik saylovlari haqida gap ketganda, u saylovda ishtirok etish har narsadan muhim ekanini ta’kidlagan.
“Eron Islom Respublikasining dunyoda davom etishi, sha’ni, qadr-qimmati va qudrati xalqning borligiga bog‘liq”, degan Xomanaiy.
Mamlakat bo‘ylab saylov uchastkalari mahalliy vaqt bilan ertalab soat 8:00 da ochildi va saylov jarayoni o‘n soat davom etadi. Biroq zarurat tug‘ilsa, mamlakat Ichki ishlar vazirligi saylov muddatini uzaytirishi mumkin. Mamlakat ichida va xorijda davom etayotgan saylovlarda 61 million 450 mingdan ortiq eronlik saylovchilar ishtirok etishi mumkin. 2006 yil 28 iyunda yoki undan oldin tug‘ilgan eronlik ovoz berish huquqiga ega. Mamlakat bo‘ylab 59 mingga yaqin saylov uchastkasi, jumladan, 15 mingdan ortiq ko‘chma uchastka tashkil etilgan. Chet ellardagi Eron fuqarolarining saylovda ishtirok etishi uchun 100 ta davlatda jami 340 ta saylov uchastkasi ham tashkil etilgan. Saylov xavfsizligini ta’minlash vazifasi esa politsiya, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi va Basij kuchlariga yuklatilgan.
Eron Oliy yetakchisining Milliy xavfsizlik oliy kengashidagi vakili Said Jaliliy, parlamentning amaldagi spikeri Muhammad Bag‘er G‘olibaf, Eron sobiq sog‘liqni saqlash va tibbiy ta’lim vaziri, parlament a’zosi Mas’ud Pezeshkiyon hamda sobiq ichki ishlar vaziri, din arbobi Mustafo Purmuhammadiy nomzodi ovoz berish jarayoniga qo‘yilgan.
Ma’lumot uchun, Eron prezidenti Ibrohim Raisiy may oyida vafot etgani uchun saylovlar muddatidan bir yil oldin o‘tkazilmoqda. 1979 yildagi Islom inqilobi g‘alabasidan keyingi 14-yangi ma’muriyat hokimiyatni iyun oxiri yoki iyul oyi boshida o‘z zimmasiga oladi va to‘rt yil davomida o‘z lavozimini egallaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq muddatidan avvalgi prezidentlik sayloviga o‘z nomzodini qo‘ygan 53 yoshli amaldagi vitse-prezident Amir-Husayn Qozizoda Hoshimiy inqilobiy kuchlar hamjihatligini saqlab qolishga yordam berish va Inqilob kuchlari konsensusi Oliy Kengashi hamda ayrim olimlar va vatanparvarlarning yozma iltimosiga javoban saylovni tark etganini bildirgandi. Sal o‘tib, Tehron shahar meri Alirizo Zakaniy ham prezidentlik poygasidan chiqdi.
LiveBarchasi