Eronda namoyishda qatnashgan yigit qamoqxonada o‘ldirib yuborildi 

Olam

image

Eronda o‘tgan yilgi hukumatga qarshi namoyishlarning yana bir ishtirokchisi yashirincha qatl qilindi. Bu haqda Hengaw inson huquqlari tashkilotiga tayanib, BBC xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, 21 yoshdagi Milad Zohrevand 23 noyabr kuni ertalab Eron g‘arbidagi Hamadon shahridagi qamoqxonada qatl etilgan. U o‘tgan yilgi namoyish chog‘ida Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi a’zosini o‘ldirganlikda ayblangan. Hibsda va sud jarayonida unga advokat berishdan bosh tortishgan. 

Eron rasmiylari qatl faktini hali tasdiqlamadi. Agar qatl tasdiqlansa, Zohrevand o‘tgan yilgi norozilik namoyishlarida o‘lim jazosi qo‘llanilgan sakkizinchi ishtirokchiga aylanadi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrishning hisobotiga ko‘ra, avvalgi yettita holatda barcha alomatlar adolatli sud jarayoni talablariga javob bermagan.

Shuningdek, hisobotida keltirilishicha, ayblanuvchilar ko‘pincha tegishli qonuniy vakillikdan mahrum bo‘lgan. Bundan tashqari, qiynoqlar orqali olingan bo‘lishi mumkin bo‘lgan majburiy iqrorlar haqida ham xabarlar bor.

Eron diniy hokimiyatiga qarshi ommaviy norozilik namoyishlari 2022-yil sentyabrida hijobda noto‘g‘ri kiyinganlikda ayblanib, axloq politsiyasi tomonidan hibsga olingan 22 yoshli Mahsa Amini o‘limidan so‘ng boshlangan edi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi hisobotida aytilishicha, Eronda qatl choralari “qo‘rqinchli darajada” amalga oshirilmoqda, birgina joriy yilning birinchi yetti oyida kamida 419 kishi qatl etilgan. Bu 2022 yilning shu davriga nisbatan 30 foizga ko‘pdir. 

Mahsa Amini vafoti va namoyishlar

2022 yilning 16 sentyabr kuni Eronda axloq politsiyasi tomonidan noto‘g‘ri hijob kiygani uchun hibsga olingan 22 yoshli talaba Mahsa Amini vafot etdi. Uning vafotidan so‘ng mamlakatda norozilik namoyishlari boshlandi.

Namoyish sifatida butun mamlakat bo‘ylab ayollar hijobni yoqib, sochlarini kesdi. Ushbu norozilik dunyoning boshqa mamlakatlarida ham aks-sado berdi. Namoyishchilar ko‘chalarni to‘sib, xavfsizlik kuchlariga tosh otdi, politsiya mashinalari va axlat qutilariga o‘t qo‘ydi, hukumatga qarshi shiorlar aytdi.

Amini poytaxtda Eron axloq politsiyasi tomonidan ayollarning sochlarini hijob yoki ro‘mol, qo‘l va oyoqlarini keng kiyim bilan o‘rashni talab qiluvchi qonunni buzganlikda ayblanib hibsga olingan edi.

Qo‘lga olinganidan uch kun o‘tgach, Amini vafot etdi. Rasmiylarga ko‘ra, o‘limga “yurak yetishmovchiligi” sabab bo‘lgan. Ammo marhumning qarindoshlari qizning yuragida hech qachon muammo bo‘lmaganini da’vo qilmoqda. Ular jabrlanuvchi kaltaklash oqibatida vafot etgan, deb taxmin qilmoqda. BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari vazifasini bajaruvchi Nada Al-Nashif Amini politsiya tomonidan kaltaklangani haqidagi xabarlarga ishora qildi.

Amerika Qo‘shma Shtatlari hibsga olingandan keyin vafot etgan eronlik Mahsa Amini o‘limi sababli Eronning axloq politsiyasiga qarshi sanksiyalar kiritdi. Keyinroq Kanada ham bir necha o‘nlab Eron rasmiylari, biznes vakillari, shuningdek, Eron axloq politsiyasiga qarshi sanksiyalar joriy etishga qaror qildi.

Eronda uning o‘limidan so‘ng butun mamlakat bo‘ylab misli ko‘rilmagan norozilik to‘lqini kuzatildi. Uch oy ichida miting va yurishlar 157 ta shahar va aholi punktlarini qamrab olgan.  Ularning ishtirokchilari demokratik o‘zgarishlarga chaqirib, hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan repressiyalarni qoraladi va hibsga olinganlarni ozod qilishni talab qildi. Sentyabr o‘rtalaridan beri Eronda jami 18,5 ming kishi hibsga olingan. Tartibsizliklarni bostirish vaqtida 507 nafar faol va 66 nafar xavfsizlik xizmati xodimi halok bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Mahsa Amini haqida yozgan maqolasi sabab Nilufar Hamdiy va Elax Muhammadiy ismli jurnalistlar qamoq jazosiga hukm qilingandi. Eronlik reper Tumaj Solihiy ham o‘tgan yilgi  namoyishlarda qatnashgani uchun qamalgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron namoyish

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing