Eronda hibsga olingan italiyalik jurnalist ozod qilindi
Olam
−
09 yanvar
2100Eronda hibsga olingan italiyalik jurnalist Sesiliya Sala Tehrondagi qamoqxonadan ozod qilindi. Bu haqda Italiya hukumati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Italiya Tashqi ishlar vazirligi Bosh kotibi Rikkardo Guarilya Eron elchisi Muhammad Rizo Saburiy bilan suhbatda jurnalistni zudlik bilan ozod qilishni talab qilgan. Bosh vazir Jorjiya Meloni bu haqda jurnalistning yaqinlariga ma’lum qilgan.
Sesiliya Sala - yangiliklar podkastining mashhur boshlovchisi sifatida faoliyat yuritgan. Hozircha jurnalistni ozod qilish holatlari va shartlari ma’lum qilinmagan.
Ma’lumot uchun, Sesiliya Sala 2024 yil 19 dekabr kuni Tehronda jurnalistlik faoliyati davomida hibsga olingan. Qamoqqa olish AQSH talabiga binoan Eron fuqarosi Italiyada qo‘lga olinganidan bir necha kun o‘tib sodir bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, 4 yanvar kuni Italiya Bosh vaziri Jorjiya Meloni Mar-a-Lagoda AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp bilan uchrashgan va suhbat chog‘ida o‘tgan oy Eronda hibsga olingan italiyalik jurnalist Sesiliya Sala taqdiri muhokama qilingandi.
Mohimbegim Ma’rufaliyeva