Eron va Iroq Suriyadagi vaziyatdan xavotirda – Pezeshkiyon (video)
Olam
−
08 yanvar
1195Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon va Iroq Bosh vaziri Muhammad Shia al-Sudaniy o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Suriyadagi dolzarb voqealar kontekstida ikki davlatning umumiy xavotirlari muhokama qilindi. Bu haqda IRNA xabar berdi.
Uchrashuvda suhbatdoshlar Suriyada barqarorlik va xavfsizlik, uning hududiy yaxlitligini saqlash, terrorchi guruhlarga qarshi kurash, Isroil qo‘shinlarini bosib olingan hududlardan olib chiqish zarurati, shuningdek, diniy tuyg‘ularga, ayniqsa, shia ziyoratgohlariga e’tibor qaratish masalalarini muhokama qildi.
Prezident Pezeshkiyonning ta’kidlashicha, Iroq terrorizm tahdidini muvaffaqiyatli yengib, taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo‘ymoqda. U mamlakatlar o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik bundan keyin ham rivojlanib, o‘zaro aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishiga umid bildirdi.
Bunga javoban Bosh vazir al-Sudaniy samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, ushbu tashrif hamkorlikni mustahkamlash va barqaror davlatlararo munosabatlarni o‘rnatishga qaratilganini ta’kidladi. Al-Sudaniy, shuningdek, G‘azodagi urush jinoyatlari va falastinliklarning qirg‘inini qoralab, mintaqada xavfsizlik va tinchlikka tahdid solayotgan Isroil rejimining zo‘ravonliklarini to‘xtatishda xalqaro hamjamiyat samarasiz ekanini aytdi.
Barqarorlikni tiklash muhimligini qayd etgan Bosh vazir Iroqning G‘azodagi mojaroga barham berish va erkin davlat doirasida Falastin xalqining o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqlarini ta’minlash zarurligi haqidagi pozitsiyasini tasdiqladi. Livanda tinchlik va sulhni saqlashga sodiqlik yana bir bor tasdiqlandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron tomoni tashabbusi bilan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Eron Islom Respublikasi Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tgandi. Tomonlar Suriya qonuniy hukumati tomonidan konstitutsiyaviy tartibni tiklash va mamlakat hududiy yaxlitligini saqlashga qaratilgan harakatlarni mutlaq qo‘llab-quvvatlashini bildirgandi.
LiveBarchasi