Eron Yevropa Ittifoqidan o‘ch oldimi?
Olam
−
25 yanvar 2023
12020Avval xabar berganimizdek, Eron o‘ziga qarshi sanksiya kiritgani uchun Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqiga qarshi chora ko‘rishini bildirgan edi.
Ushbu javob chorasi bugun, 25 yanvar kuni Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniyadan 30 nafar shaxs va 4 tashkilotga Eron tomonidan sanksiyalar kiritilishi bilan amalga oshirildi.
Eron Tashqi ishlar vazirligi bayonotiga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi davlatlaridan 22 nafar shaxs va 3 ta tashkilotga, shuningdek, Buyuk Britaniyadan 8 nafar jismoniy shaxs va 1 ta tashkilotga sanksiya kiritilgan.
Eron tomonidan sanksiya kiritilganlar orasida Parij meri Ann Idalgo, Fransiyaning “Sharli ebdo” satirik jurnali bosh muharriri Jerar Biard va nashr direktori Loran Suriso, bir qator Yevroparlament deputatlari, shuningdek, Turkiyaning Stokgolmdagi elchixonasi oldida Qur’onni yoqib yuborgan “Stram Kurs” (“Qattiq kelishuv”) partiyasi yetakchisi Rasmus Palu ham bor. Sanksiya kiritilgan tashkilotlar esa Parijdagi yahudiylar jamiyati radiostansiyasi (Radio J) va Iroqda kimyoviy qurol ishlab chiqaruvchi zavodlar qurilishida ishtirok etganlikda ayblangan Germaniyaning “Heberger” qurilish kompaniyasi hisoblanadi.
Britaniya tomonidan esa Angliya va Uels Bosh prokurori Viktoriya Prentis va uning o‘rinbosari Maykl Tomlinson, shuningdek, Britaniya razvedkasining sobiq rahbari Richard Dirlov, MI6 sobiq bosh direktori Aleks Yanger va Buyuk Britaniya Bosh shtabining hozirgi rahbari Patrik Sanderslarga sanksiya kiritilgan. Bundan tashqari, Tehron xalqaro siyosatni o‘rganuvchi “Genri Jekson” jamiyatiga ham sanksiyalar kiritgan.
Qayd etilishicha, Tehronning sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan jismoniy va yuridik shaxslar terrorizmni qo‘llab-quvvatlash, teraktlar uyushtirish va Eron xalqiga qarshi zo‘ravonlik harakatlarini rag‘batlantirish, shuningdek, Eronning ichki ishlariga aralashish va yolg‘on ma’lumot tarqatishda ayblanmoqda. Sanksiyalar ostida qolganlarning Islom Respublikasi hududiga kirishi taqiqlanadi, ularning Eron banklaridagi bank hisoblari bloklanadi, Eron yurisdiksiyasidagi mulklari musodara qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 23 yanvarida Yevropa Ittifoqi Eronda inson huquqlari buzilishi kuzatilgani uchun sanksiyalarning to‘rtinchi bosqichini qabul qilgan edi. Qora ro‘yxatga 18 ta jismoniy va 19 ta yuridik shaxs, jumladan, Inqilobiy Gvardiya kiritilgan edi. Shu kunning o‘zida Buyuk Britaniya ham Eronga qarshi o‘z sanksiyalarini kengaytirib, qora ro‘yxatga Basij jangarilari va bir qator eronlik harbiy xizmatchilarni ham qo‘shgan edi.
Alibek Beyjanov
LiveBarchasi