Evropa Eronga kiritgan sanksiyalari uchun javob beradi
Olam
−
24 yanvar 2023
8394Avval xabar berganimizdek, kecha 23 yanvar kuni Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlarining yig‘ilishida Eronga qarshi sanksiyalarning to‘rtinchi paketi e’lon qilingandi. Bugun, 24 yanvar kuni esa Eron Yevropa Ittifoqi va Britaniya tomonidan joriy qilingan yangi sanksiyalarni keskin qoralab, G‘arb Eronga namoyishlarni bostirishi ortidan bosimni kuchaytirgani uchun ularga javob qaytarishini ma’lum qildi. Bu haqda “Reuters” nashri xabar berdi.
“Islomiy respublikadagi inson huquqlarini poymol qiluvchilari bo‘lgan Yevropa Ittifoqi va Angliyaga qarshi yangi sanksiyalar ro‘yxatini tez orada e’lon qiladi”, dedi Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Nosir Kan’oniy o‘z bayonotida.
Ma’lumki, Yevropa Ittifoqi 30 dan ortiq Eron rasmiylari va tashkilotlariga, jumladan, kuchli Inqilobiy gvardiya bo‘linmalariga qarshi sanksiyalar kiritgan hamda ularni tartibsizliklarni shafqatsiz bostirish va inson huquqlarining boshqa buzilishida ayblagan edi.
Shuningdek, Amerika Qo‘shma Shtatlari va Buyuk Britaniya ham Eronga qarshi yangi sanksiyalar e’lon qilgandi. Bu G‘arbning Tehron bilan ayanchli munosabatlari yanada yomonlashganini ko‘rsatadi.
Ma’lumot uchun, yuqoridagi sanksiyalarning barchasi o‘tgan yilning sentyabridagi axloq politsiyasi hibsxonasida eronlik kurd qizi Mahsa Aminiyning o‘limidan so‘ng Eronda avj olgan tartibsizliklarni shavqatsizlik bilan bostirilishiga javob sifatida kiritilgan.
Alibek Beyjanov
LiveBarchasi